Markaziy Osiyo yoshlar ekologik oromgohi: Tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi

Samarqand shahrida BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi — "COP-28"ga bag‘ishlab tashkil etilgan Markaziy Osiyo yoshlar ekologik oromgohining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda «Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva, BMT tuzilmalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston eko-faollari Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda bolalar va yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo strategiyasini ishlab chiqish uchun o‘z tashabbuslarini taklif qildilar.

Tadbir davomida Ziroat Mirziyoyeva YuNISEF ijrochi direktori o‘rinbosari Ted Chaiban va YuNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis bilan uchrashdi.

Uchrashuvda fondlar o‘rtasidagi kelgusi hamkorlik hamda bolalar huquqlarini himoya qilish va ularni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.