Korxona-tashkilotlarda mehnat muhofazasi qanday  ta’minlanyapti?

«O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati Samarqand gaz quvurlari boshqarmasida «Xavfsiz va sog‘lom ish muhiti - mehnat sohasidagi asosiy prinsip va huquqdir» mavzusida tadbir tashkil etildi.

28 aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan  o‘tkazilgan tadbirda viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi davlat texnik inspektorlari va kasaba uyushmalari viloyat kengashi mehnatni muhofaza qilish bo‘limi yetakchi mutaxassislari ishchi-xodimlarga ish jarayonlarida xavfsiz mehnat sharoitlari yaratish, kasb kasalliklarining oldini olish, baxtsiz hodisalarga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlar va sharoitlar to‘g‘risida tushuncha berib o‘tdi.

- Bu kabi tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan kasblarda mehnat qiluvchi xodimlarning doimo ogoh bo‘lishga undaydi, - deydi Samarqand gaz quvurlari boshqarmasining yetakchi mutaxassisi Feruz Qamariddinov. – Boshqarmamizga ishga qabul qilinayotgan xodimlar ish yo‘riqnomasi bilan tanishtirish, ish joylaridagi xavfli va zararli omillar, ulardan saqlanish uchun beriladigan shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, avariya holatlarida to‘g‘ri va aniq harakat qilish bo‘yicha keng tushunchalar berilishi talab qilinadi. Shuningdek, ishga qabul qilingan yoshlarni tajribali ishchilarga biriktirib qo‘yish, “Ustoz-shogird” an’analarini qo‘llash ham yangi xodimlar ko‘nikmasini oshirishga va ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalarni oldini olishga xizmat qiladi.

Tadbirda ish faoliyatida qo‘llaniladigan maxsus ish kiyimlari, zamonaviy mehnat qurollari ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarga avariya holatlarida qanday ish tutish kerakligini ko‘rsatuvchi mashg‘ulotlar namoyish etildi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.