Samarqandlik tadbirkordan bojxona to‘lovlarini to‘lamaganligi uchun qariyb 7 million so‘m penya undiriladigan bo‘ldi

Da’vogar - Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar - «My fruct» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 13 million 619 ming 56 so‘m bojxona to‘lovlari (penya)ni undirishni so‘ragan.

Da’vogar sudga ariza bilan murojaat qilib, da’vo talablarining miqdorini kamaytirib, javobgardan 6 million 979 ming 993 so‘m undirishni so‘ragan.

Sudning da’vo arizasini ish yurituvga qabul qilish va ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrimi pochta aloqa bo‘limi orqali javobgarning manziliga yuborilgan bo‘lsa-da, sud ajrimi javobgarning manzilda topilmaganligi to‘g‘risidagi pochta aloqa bo‘limining ma’lumotnomasiga asosan qaytarilgan.

Javobgarning yuridik manzili sifatida Samarqand tumani Shirinobod (Navobod) mahallasi ko‘rsatilgan. Shirinobod MFY tomonidan taqdim qilingan dalolatnomada mahalla hududida «My fruct» mas’uliyati cheklangan jamiyati mavjud emasligi ma’lum qilingan.

Uchinchi shaxs «Global Insurance group» mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi sug‘urta tashkiloti ishonchli vakili tomonidan sudga ariza bilan murojaat qilinib, ishni vakil ishtirokisiz ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Iqtisodiy protsessual kodeksning 128-moddasiga ko‘ra, iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchisi sud tomonidan yuridik shaxsning sudga ma’lum bo‘lgan oxirgi joylashgan yeri (pochta manzili), fuqaroning yashash joyi bo‘yicha yuborilgan ajrimning ko‘chirma nusxasi oluvchi ko‘rsatilgan manzilda yo‘qligi sababli topshirilmagan va bu haqda aloqa muassasasi sudni xabardor qilgan bo‘lsa, sud tomonidan tegishli tarzda xabardor qilingan deb hisoblanadi. Kodeksning 170-moddasida ish muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar, uchinchi shaxslar sud majlisiga kelmasa, nizo ularning yo‘qligida hal qilinishi mumkin, deb belgilangan.

Shu bois sud ishni javobgar va uchinchi shaxs vakillarining ishtirokisiz ko‘rishni lozim topdi.

Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, hisobvaraq-faktura (invoys)lar bilan xaridor - «My fruct» mas’uliyati cheklangan jamiyati nomiga sotuvchi - Pokiston Respublikasining «Buraaq Impex» kompaniyasidan brutto og‘irligi 291 ming 338,3 kilogramm mandarin mahsuloti olib kelingan. Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining 2020 yil 29 yanvardagi qarori bilan bojxona yuk deklaratsiyalari asosida mahsulotlar «My fruct» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga «erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan.

Bunda «Global Insurance group» sug‘urta tashkilotining sug‘urta polisi inobatga olinib, 1 000 000.000 so‘m bojxona to‘lovlarini 30 kalendar kunidan oshmagan holda kechiktirib to‘lash sharti qo‘yilgan.

«My fruct» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bojxona to‘lovlari belgilangan muddatlarda to‘lanmagandan so‘ng taqdim qilingan sug‘urta polisiga asosan Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi bojxona to‘lovlarini hisoblangan foizlari bilan «Global Insurance group» sug‘urta tashkilotidan undirib olgan.

Bojxona to‘lovlarini «Global Insurance group» sug‘urta tashkilotidan undirib olishda muddatlar kechiktirilganligi sababli bojxona organi tomonidan to‘lovi kechiktirilgan kunlar uchun 6 million 979 ming 993 so‘m penya hisoblangan.

Sud da’vogarning da’vo talabini qanoatlantirdi: javobgar - «My fruct» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan da’vogar Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi foydasiga 6 million 979 ming 993 so‘m bojxona to‘lovlari (penya) va 17 ming 840 so‘m pochta xarajati undirilishi belgilandi.

Shuningdek, «My fruct» mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobidan respublika byudjeti, sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 139 ming 459 so‘m davlat boji, Oliy sudning hisobraqamiga 55 ming 750 so‘m videokonferensaloqa xarajatlari undiriladigan bo‘ldi.

O‘.MURADOV,

Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi.