Mashina olmoqchi bo‘lganlarni 3 milliard so‘mga chuv tushirgan korxona faoliyatiga chek qo‘yildi

2019 yil may oyidan 2019 yil sentyabr oyiga qadar E.I. va boshqalar bilan birga uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab, qonunga xilof ravishda Jizzax shahrida joylashgan “ALMAZ SUPYeR AVTO” MChJni ta’sis qilib, fuqarolarning mulkini egallash maqsadida avtotransport vositalarini foizsiz 2 va 5 yil muddatga pulini bo‘lib to‘lash sharti bilan fuqarolarga olib berishni va’da qilgan. Faoliyatini reklama qiluvchi flayerlarni MChJda tashkil qilingan tariflar turiga qarab, 2.625.000 so‘mdan 9.100.000 so‘mgacha sotib, o‘zining zimmasidagi majburiyatni OAV va internet tarmog‘i orqali yangi jalb qilingan Andijon, Farg‘ona va Namangan filiallarida shartnoma tuzilgan jami 446 nafar mijozdan qabul qilingan 3.125.604.413 so‘m pullardan 1.626.055.000 so‘m pullarni MChJ hisob raqamiga kirim qilib, qolgan 1.499.549.413 so‘m pullarni kirim qilmasdan fuqarolarga avtomashina olib bermasdan, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari yakuniga ko‘ra, E.I.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188(1)-moddasi 3-qismi “a,v” bandi, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 189-moddasi 1-qismi bilan, E.Q. va D.X.larga JKning 188(1)-moddasi 3-qismi “a,v” bandi, 189-moddasi 1-qismi bilan ayb e’lon qilinib, E.I.ga nisbatan “qamoqqa olish”, E.Q. va D.X.larga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov davomida jabrlanuvchilarga yetkazilgan 3.125.604.413 so‘m moddiy zararning 1.110.000.000 so‘mi undirilgan.

IIV huzuridagi Tergov departamentining xabar berishicha, jinoyat ishi tegishli tartibda sud muhokamasiga yuborilgan.