Matbuot faxriylari “Matbuot uyi”ga keldi

Bugun Samarqand viloyati Matbuot uyida “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalarida faoliyat ko‘rsatgan va tahririyat bilan yaqin ijodiy hamkorlik qilib kelayotgan bir guruh matbuot faxriylari bilan uchrashuv o‘tkazildi.


Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi oldidan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tadbir gazetalar tahririyati hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
– Siz, faxriylarning tahririyatdagi faoliyatingiz va sermahsul ijod yo‘lingiz yosh muxbirlarga o‘rnak bo‘larli, – dedi F.Toshev. – Har gal sizlar bilan uchrashsam tahririyat bilan bog‘liq qiziqarli voqealar yodimga tushadi. “Ustoz-shogird” an’anasi davom etayotgani va ijodiy hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiraman.


Ha, albatta, ustoz faxriylarni yo‘qlash, suhbatlashish maroqli. Ular bilan bo‘lgan suhbatlardan olgan kuch yosh ijodkorlarni yanada izlanishga, qalam tebratishga undaydi. Davra suhbatida faxriylar gazeta chiqarish mashaqqati haqida ham to‘xtalib, bir paytlar bosmaxonada qiyinchilik bilan sahifalarni to‘ldirganlari haqida so‘zlab berdi. Hozirda zamonaviy texnikalar orqali gazetachilarning ishi bir muncha yengillashgani aytildi. Shunday bo‘lsa-da muxbir doim mehnatkash, uning so‘zi o‘tkir, qalami keskir bo‘lishi, jarayonlarni xolis yoritishi zarurligi ta’kidlandi.
- Biz, faxriylar uchun eng yaxshi sovg‘a bugungidek hamkasblar bilan bo‘lgan shirin suhbat, - deydi tahririyat faxriysi Nodira Ne’matova. – Ular bilan diydorlashganimiz bizni yanada tetiklashtiradi. Ilohim yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin.
Tadbir yakunida tahririyat faxriylari bir piyola choy ustida gurungni davom ettirdi, ularga yaqinda "Zarafshon" gazetasi kutubxonasi turkumida chop etilgan "Samarqand mustaqillik yillarida" nomli kitob tarqatildi, sovg‘a ulashildi.


Husan Eltoyev.