Mavzuga qaytib: Oqdaryoning daryo yo‘llari

O‘tgan yil noyabr oyida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori tomonidan Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Po‘latdarxon mahallasida o‘tkazilgan sayyor qabulda mazkur hududda yashovchi aholi yechimini kutayotgan dolzarb masalalar qatorida qishloq yo‘llarining ta’mirtalabligini ham bildirgan edi. Bu haqda saytimiz va gazetalarda maqolalar chop etildi, mutasaddi idoralarga ushbu masalalar yuzasidan murojaatlar yo‘llandi.

2.JPG

Yaqinda yana mahallada bo‘lib, qabul chog‘ida aytilgan muammolarning yechimi bilan qiziqdik.

– Ayrim masalalar hal etildi, lekin asosiy muammolarimiz haligacha ochiq turibdi, – deydi “Po‘latdarxon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mahmud Nasimov. – Hududning kattaligi va aholi sonining ko‘pligini hisobga olib, mahallani ikkiga bo‘lish masalasi yechilmadi. Bir necha yildan buyon ta’mirga muhtoj Nayman, Chorjo‘y, Ozod, Darxon qishloqlaridagi ichki yo‘llarning taqdiridan ham bexabarmiz. Shu kecha-kunduzda bu yo‘llardan yurish juda og‘ir. 41-maktabga boradigan yo‘l ham hamon o‘sha-o‘sha – loy, o‘ydim-chuqur...

Oqsoqolning gaplaridan so‘ng qishloq yo‘llarini ko‘rish maqsadida mahalla hududidan o‘tgan Jomboy – Po‘latdarxon yo‘liga chiqdik. Darvoqe, qabul chog‘ida aholi ushbu yo‘lning torligi, tegishli yo‘l belgilarining o‘rnatilmagani va transport vositalarining yuqori tezlikda harakat qilishi oqibatida bu ko‘chada tez-tez yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lishini bildirgan edi.

Mahalla faollarining aytishicha, bu masalalar hamon muammoligicha turibdi. Yo‘l torligi yetmagandek, uning ikki tomonida piyodalar yo‘laklari ham yo‘q. Asfaltdan tashqari joylar loyligi sababli piyodalar yo‘lning transport vositalari qatnov qismidan yurishga majbur bo‘lmoqda.

1.JPG

Ushbu yo‘ldan Darxon va Ozod qishloqlarini bog‘laydigan yo‘lga o‘tdik. Aholi aytganicha bor ekan, bir zamonlar asfalt yotqizilgan bu yo‘ldan hozir transport vositalarining yurishi ham qiyin. Ko‘chaning yaroqsiz holga kelib qolganidan yo‘l o‘rtalarida katta-katta ko‘lmaklar hosil bo‘lgan. Aholining ta’kidlashicha, mutasaddilar har gal bu yo‘l dasturga kirgan, deyishadi, ammo hech bu dastur ijro etilmaydi. Yo‘lning ahvoli esa yildan yilga yomon bo‘lib bormoqda.

Mahalla bolalari 41-maktabga qatnaydigan yo‘lning taqdiri ham bir necha yildan buyon shu holatda. Yaqinda aholi hashar qilib, yo‘lga tosh to‘kib, biroz tartibga keltiribdi. Lekin bu ham vaqtinchalik chora-da.

31.JPG

Po‘latdarxondagi yo‘llarning taqdiri bilan qiziqib, tuman hokimligi tomon yo‘l oldik. Tuman markaziga borguncha yana bir qator ichki yo‘llarga ham nazar soldik. Qorateri, Kumushkent mahallalarida asfalt yotqizilgan yoki qum-shag‘al to‘shalib, tartibga keltirilgan ko‘chalar bilan birga ta’mirtalab, haligacha loy-ko‘lmak yo‘llar. Ayrim qishloq qabristonlariga boradigan yo‘llarga tosh ham to‘kilmagan.

Tuman markazida o‘tgan yil bunyod etilgan tibbiyot birlashmasi davolash-profilaktika muassasalari atrofidagi yo‘llar va avtomashinalar to‘xtash joylari ham o‘z holicha tashlab qo‘yilgan. Zamonaviy binolarga mos transport-kommunikatsiya tizimi yaratilmagan.

19.JPG

E’tiborimizni tortgan yana jihat shu bo‘ldiki, tuman markazida ham, qishloqlarda ham ayrim mahallalarda aholi o‘z hovlisi oldidagi ariqlarni tozalab qo‘ymagani yoki ko‘mib yuborgani oqibatida yo‘lda yomg‘ir suvlari to‘planib qolgan. Vaholanki, ko‘chaning tekis va ravonligi, qatnovga qulay bo‘lishidan avvalo shu yerda yashovchi aholi manfaatdor. Mahalla ahli ham o‘zlari yuradigan yo‘lning kichik ta’mirlash ishlarini bajarishi, hech bo‘lmaganda o‘z darvozasi oldini tartibga keltirib qo‘yishi mumkinku.

5.JPG

– Bugungi kunda korxonamiz tasarrufidagi 154 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarida o‘ta ta’mirtalablari ham, joriy ta’mirlash ishlari olib borilishi kerak bo‘lganlari ham bor, – deydi Oqdaryo tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi bo‘lim boshlig‘i Sh.Nortojiyev. – O‘tgan yil bu yo‘llarda 1 milliard 553 million so‘mlik ta’mirlash ishlarini olib bordik. Mahalliy byudjet hisobidan 826 million so‘m mablag‘ sarflanib, 4,6 kilometr masofada qabristonlarga olib boruvchi yo‘llarga asfalt beton qoplamasi yotqizildi. Joriy yilda bu ishlar ko‘lami yana ham kengayadi. 2019 yilga mo‘ljallangan manzilli dastur asosida tumanimiz bo‘yicha jami 24,8 kilometrlik ichki avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash rejalashtirilgan. Ya’ni, 35 ob’yektda 5 milliard 176 million so‘mlik ish bajariladi. Dasturda tuman markazidagi ko‘chalar, Ozod-Darxon, Nayman yo‘li ham nazarda tutilgan. Shuningdek, ayni paytda Loyish shaharchasi hududidan o‘tuvchi 4r-58a “Loyishga kirish” avtomobil yo‘lida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.

11.JPG

Demak, po‘latdarxonliklar bu yilgi dastur ijrosini ham kutishlariga to‘g‘ri keladi. Balki bu gal ularning orzulari amalga oshib, qishloq yo‘llari ta’mirlanar – buni vaqt ko‘rsatadi. Xullas, jo‘jani kuzda sanaymiz-da.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat).