Mehnatga layoqatsizlik davri qanday rasmiylashtiriladi?

Korxona, muassasa va tashkilotlarda mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimiz kundalik turmushida sog‘liq bilan bog‘liq bo‘lgan holatlarda mehnatga layoqatsizlik davrida bo‘lishlari mumkin. Bunda xodim sog‘lig‘i bo‘yicha shifokorga murojaat qilishi hamda shifokor unga ishga bormaslikni lozim deb topsa, shu sanadan boshlab mehnatga layoqatsizlik varaqasi tuzilishi lozim. Mehnatga layoqatsizlik holati tashxis klinik va ob’yektiv ma’lumotlar (shikoyatlar, holat) hamda laborator-instrumental tekshiruvlar natijalari bilan tasdiqlanadi.

Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnoma (2015 yil 17 aprel, ro‘yxat raqami 2667) asosida tartibga solinadi. Unga ko‘ra, mehnatga layoqatsizlik varaqasi shaxsni ishdan ozod qilish, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi yoki homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lash uchun asos bo‘ladigan hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bilan kechadigan kasallanishning hisobi yuritiladigan hujjat hisoblanadi.

Shuningdek, fuqarolarning kasalligi, shikastlanganligi, homiladorligi, tuqqanligi, oilaning betob a’zosini parvarishlaganligi, protez qo‘ydirganligi, sanatoriy-kurortda davolanganligi, shuningdek, sog‘lig‘i holatiga ko‘ra boshqa ishga o‘tkazish uchun va karantin tufayli mehnatga vaqtincha layoqatsizligini ekspertiza qilish natijalariga muvofiq aniqlangan mehnatga vaqtincha layoqatsizligi mehnatga layoqatsizlik varaqasi bilan tasdiqlanadi.

Mehnatga layoqatsizlik varaqasi tibbiy muassasa tomonidan (murojaat qilgan yoki davolangan joydagi) vaqtincha mehnatga layoqatsiz shaxsga beriladi. Xodim xizmat safari yoki mehnat ta’tiliga ko‘ra, yashash joyida bo‘lmagan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi (ma’lumotnomasi) u vaqtincha bo‘lgan joydagi tibbiy muassasada rasmiylashtiriladi. O‘rindoshlik asosida ishlovchi xodimga uning asosiy ish joyiga beriladigan mehnatga layoqatsizlik varaqasining nusxasi beriladi.

Ambulatoriya sharoitida davolanishda davolovchi shifokor yakka o‘zi 5 kalendar kunigacha mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi berish huquqiga ega. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik 5 kalendar kunidan oshganda hujjatning muddati davolovchi shifokor va bo‘lim mudiri tomonidan har safar 10 kalendar kundan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytiriladi.

Ishdan ajralmagan holda o‘qiyotgan yoki o‘qishdan bo‘sh vaqtda ishlayotgan shaxslarga bir vaqtning o‘zida mehnatga layoqatsizlik varaqasi va ta’lim olayotgan shaxslar uchun mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi beriladi. Ishlaydigan nogironlarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi kasallik uzluksiz kechganda 2 oygacha, tanaffus bilan kechganda 12 oy mobaynida jami uch oygacha bo‘lgan muddatga beriladi.

Yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tillar, o‘qish bilan bog‘liq ta’tillar va ijodiy ta’tillar vaqtida, shuningdek, ishlaydigan pensionerlarning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi umumiy asoslarda beriladi va vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida xodimning xohishiga ko‘ra, ta’tillar uzaytirilishi yoki boshqa muddatga ko‘chirilishi mumkin.

Yo‘riqnomaga asosan tez tibbiy yordam va qon bilan ishlash xizmati, shifoxonalarning qabul bo‘limlari, sud-tibbiy ekspertiza muassasalari,  pansionat va sanatoriy-kurortlar va fizioterapiya, davolash fizkulturasi muassasalari mehnatga layoqatsizlik varaqasi berish vakolati mavjud emasligi belgilangan.

Bundan tashqari, xodim vaqtincha mehnatga layoqatsiz bo‘lganda, unga ish haqining 60 foizidan 100 foizigacha miqdorda nafaqa to‘lanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil

19 martdagi «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish buyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonining 16-bandiga binoan, koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan, deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan ota-onalar (ular o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar), shuningdek, ularning 14 yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘lanadi.

Ta’kidlash joizki, xodimning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrida, xodim ta’tilda bo‘lganda va xodim koronavirus infeksiyasini yuqtirgan yoki karantinda bo‘lgan bolaning, shuningdek, 14 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi (ular o‘rnini bosuvchi shaxs, vasiy, homiy) bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish ta’qiqlanadi.

Dilfuza ABDULLAYeVA,

Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali xususiy-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri v.b.