Mehrning mevasi yoxud ustozlarga qalb so‘zi

Ilk bor maktabga borgan kunlarni yodga olsam qo‘llarimdan tutib, ruchka ushlashni o‘rgatgan issiq taftni sezaman.

Bu hayajon qanchadan-qancha qorako‘zlar ko‘nglidan o‘tmagan, deysiz. Ustoz, siz bizning qo‘limizdan tutib matonat bilan komillikka olib boradigan yo‘lni ko‘rsatgan insonsiz. Siz bizga faqat bilim berish bilan chegaralanib qolmay o‘z fikrini aniq va to‘g‘ri aytishni, insoniylik, vatanparvarlik qanday bo‘lishini o‘rgatgan buyuk qalb egasisiz.

Bilim olish har bir insonning burchidir, bilimni, malaka va tajribani birovga ko‘rsata olish jasorat. Ustoz shogirdlariga bilim berish barobarida uni amalda qo‘llashni ham o‘rgatadi.

Ustozni shamga qiyoslagim keladi. Sham qancha yongani sari odamlarga yorug‘lik ulashaveradi, atrofni charog‘on qiladi. Ustozlar ham o‘z bilim salohiyati bilan mitti qalblarga ezgulik urug‘ini sochadi.

Ustoz, bugun mana shu mitti yuraklar sizni qancha sharaflasa, qadrlasa kam. Bugun siz qo‘lidan tutgan bolakay jamiyatning faol a’zosi. Bu sizning sabr-bardoshingiz, mehringiz mevasi.

Shohista ABDUKARIMOVA.