Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Muallimlar

Mamlakatu millatning

ziyosi muallimlar

Ilmu donish ma’rifat-

dunyosi muallimlar.

Olam bani basharning

qarorgoh makonidir,

Barq urgan chamanzorlar

daryosi muallimlar.

Yashamoq zavqu shavqin

hamda hayot madhining

Sabog‘in qalbga solgan

dahosi muallimlar.

Shogirdlar –orzu otli

qadalgan nihollardir,

Ularning shavqi-mehri

giyosi muallimlar.

Turmushda kasbi kor ko‘p

tiriklik tayanchlari

Behisob hunarlarning

a’losi muallimlar.

Siz ranj ila o‘qitgan

bitta harfning qiymatin

Yuzta ganj ila bo‘lmas

adosi muallimlar.

Kecha tarix, bugun naqd,

erta nasya demaydi

Barcha zamonlarning jon

fidosi muallimlar.

Hayot kurash mehnatdir

do‘stu dushman yonma-yon

Zafar quchgan g‘olib

rahnamosi muallimlar.

Mehru shafqat, saxovat

darslarining mavzusi

Vale, dushmanga nafrat

rasosi muallimlar.

Tarixlarda toabad

nom qoldirgan buyuklar

Kuch qudratiga bois

fatvosi muallimlar.

Ustozu piri buzurg

ham murabbiy shaklida

Ardoqlanib aytilar

siymosi muallimlar.

Olamda muallimdan

saboq olmagan bo‘lmas

Boqiy erur tashakkur

sadosi muallimlar.

Harna dil rozlarini

izhor ayladi shogird

Tabrik-Nuriyning she’riy

navosi muallimlar.

Nuriddin Boboqandov