“Mening kasbi-korim shu bir so‘zda jam”

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi tashabbusi bilan viloyat Matbuot uyida marhum jurnalist Normuhammad Sayfiddinov xotirasiga bag‘ishlab shu nomdagi tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirga u bilan birga ishlagan hamkasblari, shogirdlari, oila a’zolari va yaqinlari taklif etildi.
- Samarqand jurnalistikasida yorqin iz qoldirgan N.Sayfiddinov hayot bo‘lganida bugun 70 yoshga to‘lardi, - dedi uyushmaning viloyat bo‘limi raisi F.Toshev va u bilan bog‘liq bo‘lgan qiziqarli voqealarni gapirib berdi. - U “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida jo‘shqin ijod qildi, sport bo‘limini boshqardi.
Shuningdek, faxriy jurnalistlar - Mahbuba Sharopova, O‘rinboy Normatov, Quvondiq Xalilov o‘sha davrlarni esga olib, Normuhammad aka haqidagi xotiralarini gapirib berdi.
- Har gal “Samarqand” gazetasini qo‘limga olsam bu inson birinchi muharrir bo‘lgani, gazeta chiqarishning mashaqqati ko‘z oldimda namoyon bo‘ladi, - dedi Quvondiq Xalilov. - Men u kishi bilan 1983 yilda tanishganman. Menga maqola yozishni, tahlil qilishni o‘rgatgani uchun ustozim deb bilaman. O‘shanda menga “Yozadigan bo‘lsang, rost gapni yoz, gapiradigan bo‘lsang, rost gapni gapir” degan gaplari hamon qulog‘im ostida jaranglaydi.
- Bugun biz u kishi boshlagan ishni davom ettiryapmiz, - dedi “Samarqand” gazetasi muharriri Hakim Jo‘rayev. - O‘sha davrda chop etilgan gazetalarni varaqlaganimda Normuhammad Sayfiddinov o‘tkir janrda ijod qilganiga guvoh bo‘ldim. Tahliliy-tanqidiy masalalar ham dadil sahifalarga olib chiqilgan.
Uchrashuv yakunida Normuhammad akaning oilasi, ayoli Mo‘’tabar Tolibova davradagi shirin xotiralar uchun minnatdorlik izhor qildi. O‘g‘il-qizlari, yaqinlari u kishining nomini doim ardoqlashi, ezgu ishlarini kelajakda nabiralari davom ettirishini bildirdi.
Husan Eltoyev.