MIB fermerga tegishli "Damas" xatlanishiga izoh berdi
MIB joriy yilning 21 sentyabr kuni xorijiy ommaviy axborot vositalarida tarqalgan “Fermer: MIB xodimlari “Damas” mashinamni noqonuniy ravishda olib ketdi” xabari yuzasidan bayonot berdi.
Mazkur xabarda fuqaro B.Pardayev joriy yilning 17 sentyabr kuni Byuroning Qiziriq tumani bo‘limi xodimlari kreditdan qarzdorligi evaziga “Damas” rusumli avtomashinasini xatlab olib ketgani, xodimlarning xizmat guvohnomasini ko‘rsatmagani bildirilgan.
Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdorlar “Yaxshi niyat Bobur” fermer xo‘jaligidan undiruvchi ATB “Agrobank” Qiziriq tumani filiali foydasiga 145 million 478 ming so‘m kredit qarzi hamda 2 million 909 ming so‘m davlat boji undirish belgilangan bo‘lib, undiruv garov mulki hisobidan “Yaxshi niyat Bobur” fermer xo‘jaligiga tegishli “TTZ-80.11” va “Belarus-80” rusumli traktorlar, fuqaro M.Abdurahmanovga tegishli “Lacetti”, fuqaro B.Pardayevga tegishli “Damas” rusumli avtotransport vositalariga qaratish ko‘rsatilgan.
Ushbu ijro hujjati Byuroning Qiziriq tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qaror nusxasi taraflarga yuborilgan.
Byuroning Qiziriq tumani bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan bir necha bor qarzdorlarga qarzdorlikni bartaraf etish to‘g‘risida rasmiy ogohlantirish berilgan.
Ijro harakatlari davomida joriy yilning 17 sentyabr kuni Byuroning Qiziriq tumani bo‘limi davlat ijrochilari S.Abdurasulov, N.Qurbanov, A.Yakubov va N.Xonimqulovlar tomonidan ijro hujjatida ko‘rsatilgan “Damas” rusumli avtotransport vositasini xatlash maqsadida fuqaro B.Pardayevning yashash xonadoniga chiqilgan va shu kuni avtotransport vositasi dalolatnomaga asosan xatlab olingan.
Xatlash jarayoni amalga oshirilishidan oldin davlat ijrochilari S.Abdurasulov va N.Qurbanovlar tomonidan qarzdor B.Pardayevni xizmat guvohnomasi bilan tanishtirgan.
Bundan tashqari, qarzdorlar “Yaxshi niyat Bobur” fermer xo‘jaligiga tegishli “TTZ-80.11” va “Belarus-80” rusumli traktorlar, M.Abdurahmanovga tegishli “Lacetti” rusumli transport vositalarini xatlash choralari ko‘rilmoqda.
Surxondaryo viloyati sudining 14.12.2018 yildagi ijro hujjatiga asosan qarzdor “Yaxshi niyat Bobur” fermer xo‘jaligidan Qiziriq tumani DSI foydasiga soliq qarzi undirish to‘g‘risida ijro hujjatiga asosan “Yaxshi niyat Bobur” fermer xo‘jaligi rahbari B.Pardayevdan 1 million so‘m undirilib, 2019 yil 19 martdagi to‘lov topshiriqnomasiga asosan Qiziriq tumani DSI foydasiga o‘tkazib berilgan.