MIB: Masofaviy bo‘lim qay tartibda ishlaydi?
Byuroning Samarqand tumanlararo ixtisoslashtirilgan bo‘lim xodimlari tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida, yangicha yondashuv asosida faoliyat tashkil etilgan.
Bo‘limda ijro hujjatlarining soddalashtirilgan tarzda ijrosini ta’minlash, ma’muriy jarimalar, soliq qarzi va davlat bojini undirish bo‘yicha undiruv qarzdorning yashash joyi yoki mol-mulki turgan joyga bormagan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash yo‘li bilan masofadan turib amalga oshiriladi.
Shuningdek, to‘lovlarni qarzdor fuqarolarga bo‘lim tomonidan yuborilgan xabarnomada ko‘rsatilgan "ID" raqamlariga elektron to‘lov tizimlari orqali masofadan to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratilgan.
Bo‘limda faoliyat olib borayotgan har bir davlat ijrochisi qarzdorga "Call-center" orqali bog‘lanib, ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirib bormoqda.
Soddalashtirilgan ijro harakatlarini amalga oshirish jarayonida ish yurituvda mavjud bo‘lgan hujjatlardan birinchi chorakda 114 ming 723 ta 81 mlrd. 329 mln. so‘mlik ijro ishlar kelib tushgan bo‘lib shulardan 55 ming 477 ta ijro ishlari amalda ijrosi ta’minlangan.
Joriy etilgan yangi tartibga ko‘ra, jinoiy zarar, davlat boji, jinoiy va ma’muriy jarimalar hamda davlat foydasiga boshqa turdagi undiruvlardan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalariga 20 milliard 634 million so‘m o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Byuroning Samarqand tumanlararo bo‘limi davlat ijrochisi Bekzod Yorbekov.