MIB Nurobod va Urgutda uzoq muddat soliq qarzlarini to‘lamagan korxonalar binosini xatladi

Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi tomonidan hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan ayrim korxonalarning soliq qarzdorligini bartaraf etish yuzasidan majburiy ijro harakatlari olib borilmoqda.

Byuroning Nurobod tuman bo‘limi ish yurituvidagi Davlat soliq inspeksiyasi foydasiga qarzdor "G.W.S" MChJdan jami 268.4 million so‘mdan ortiq soliq qarzini undirish to‘g‘risidagi ijro ishi yuzasidan qarzdor bir necha bor ogohlantirilganligiga qaramasdan to‘lashdan bosh tortib kelgan.
Xuddi shunday, tumandagi "Kattaqo‘rg‘on" MChJda 10 ta ijro hujjati bo‘yicha jami 90 million so‘mdan ortiq soliq qarzi bo‘lgan.
Byuroning Nurobod tuman bo‘limi davlat ijrochisi Alisher Qilichevga ko‘ra, har ikki korxona binolari xatlanib, muhrlangan.

Shuningdek, Urgut tumanida korxonalardan biri 220 million so‘mlik soliqni o‘z vaqtida to‘lamagan.

- Byuroning Urgut tuman bo‘limi ish yurituvidagi Davlat soliq inspeksiyasi foydasiga qarzdor "U.F" MChJdan jami 220 million so‘mdan ortiq soliq qarzini undirish to‘g‘risidagi ijro ishi yuzasidan qarzdor bir necha bor ogohlantirilgan lekin ixtiyoriy to‘lashdan bosh tortib kelgan, - deydi Byuroning Urgut tuman bo‘limi boshlig‘i Sohib Ernazarov. - Ijro harakatlari davomida, qarzdor "U.F" MChJ to‘lovni ixtiyoriy amalga oshirmaganligi sababli unga tegishli bo‘lgan ishlab chiqarish binosi xatlanib, muhrlash vaqtida 220 million so‘m soliq qarzini to‘lab berdi.