Milliy ramzlar - or-nomus, shon-sharaf
Bayroq davlatning belgisi va ramzlaridan biri. Uning huquqiy asosi - “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganiga 31 yil to‘ldi. U mamlakatimiz davlat suverenitetining ramzi bo‘lib, yer yuzida O‘zbekiston degan davlat borligini anglatadi. Bayroq o‘zida tarixiy, milliy-madaniy an’analarimiz, ma’naviyatimizni mujassam etadi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda, siyosiy jarayonlarda, qolaversa, ijtimoiy hayotda mamlakatimizning timsoli bo‘ladi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, anjumanlarda, jahon ko‘rgazmalarida, sport musobaqalarida O‘zbekiston Respublikasini tarannum etib turadi.
Chunki u o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini namoyon etib, davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, xalqaro tashkilotlar, elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpiraydi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro maydonda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, anjumanlarda, jahon ko‘rgazmalarida, sport musobaqalarida O‘zbekiston Respublikasini tarannum etib turadi.
Bayroq bayram va tantanalarda, xalqaro miqyosdagi tadbirlarda Vatanimiz sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi. Ayniqsa, xalqaro sport bellashuvlarida g‘alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizni his qilamiz, bayrog‘imiz orqali bizni dunyo e’tirof etadi.
Shayx Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi bilamiz. Hamon bu buyuk qahramonlik tildan tushmaydi, hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi. Yurt bayrog‘ini bosqinchilar qo‘liga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qo‘lida mahkam tutgancha jon bergan edi. Dushman harchand urinmasin, uning qo‘lidan bayroqni tortib ololmay, oxiri panjalari bilan kesib oladi. Bu mardlik bayroqqa, xalqqa bo‘lgan sadoqatni anglatadi.
“Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunda O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, ushbu yurtda turgan boshqa shaxslar Davlat bayrog‘ini hurmat qilishi shartligi qat’iy belgilangan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 203-moddasida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bayroqlar va vimpellardan jamoat joylarida foydalanish, mazmuni davlat va jamoat tartibiga, fuqarolarning huquqlariga va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazishga qaratilgan plakatlar, emblemalar va ramzlarni tayyorlash, tarqatish yoki taqib yurish, 203-1-moddasida esa O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga nisbatan tegishli javobgarliklar belgilangan.
Boboqul Toshev,
Mehnat organlari xodimlari malakasini oshirish respublika kurslari professori, yuridik fanlar doktori.