Ming nafar iste’molchi yashaydigan mahallada birorta ham yog‘och ustun qolmadi
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan navbatdagi press-tur Payariq tumaniga bo‘ldi.
- O‘tgan yili kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 91 ta transformator punktini ta’mirlash va 208 kilometr uzatish tarmoqlari tortish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 9 ta transformator, 8,4 kilometr uzatish tarmoqlari ta’mirlangan, - deydi Payariq tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Ne’matilla Galaboyev. – Yana qo‘shimcha 2 ta transformator punkti va 4,5 km uzatish tarmog‘i ta’mirlash ko‘zda tutilgan.
- Xalqobod tumandagi yirik mahallalardan biri bo‘lib, aholisi doimiy elektr ta’minoti uzilishlaridan bezor bo‘lib ketgan edi, - deydi tuman elektr ta’minoti korxonasi Chelak shaharchasi bo‘limi ustasi Nuriddin Bo‘ltakov. – Bir oy ichida mahalla hududiga 478 ta temir-beton ustun va 4 ta yangi transformator o‘rnatib chiqdik. Qariyb 18 kilometr elektr tarmoqlari yopiq kabellar bilan almashtirilgach, ming nafar iste’molchining elektr ta’minoti yaxshilandi. Endilikda mahallada 1960-70 yillarda o‘rnatilgan birorta ham eski simyog‘ochlar qolmadi.
Bundan tashqari, yil davomida tumandagi 65 ta mahallaga 12 ta transformator, 1300 dona temir-beton ustunlari o‘rnatildi. Qariyb 40,2 kilometr masofadagi 0,4-6-10 kV havo elektr uzatish tarmoqlari yopiq kabellar bilan yangilandi. Natijada 35 ming iste’molchining elektr energiya ta’minoti yaxshilandi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.