Mobil aloqa kompaniyalari uchun soliqdan imtiyoz qo‘llaniladi

Samarqand viloyati hokimining QARORI

Samarqand viloyatidagi antenna-machta inshootlari va ular egallagan yer uchastkalarini yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘idan ozod etiladigan qishloq joylarga kiradigan aholi punktlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-104-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning 6-bandi ijrosini ta’minlash hamda hududlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, alohida yondashuvlar asosida xizmatlar sohasini rivojlantirish, tadbirkorlik sub’yektlarini moliyaviy resurslar va infratuzilma bilan ta’minlash hamda ularga qulay soliq rejimini joriy etish maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 6 va 25-moddalariga asosan QAROR QILAMAN:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Turizm va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2022 yil 1 apreldan boshlab qishloq joylarda antenna-machta metall konstruksiyalarini, ularga o‘rnatilgan va ularning ajralmas qismi bo‘lgan konstruksiyalar hamda ular egallagan yer uchastkalarini yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘idan ozod etish bo‘yicha taklifiga rozilik berilganligi inobatga olinsin.

2. Hududlarda xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsadida antenna-machta inshootlari va ular egallagan yer uchastkalari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘idan ozod etiladigan qishloq joylariga kiradigan aholi punktlari ro‘yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari (J.O‘roqov), viloyat davlat soliq boshqarmasi (A.Inog‘omov) ro‘yxatga kiritilgan qishloqlar hududida mobil aloqa kompaniyalari bo‘yicha qo‘llanilayotgan imtiyozlarga qat’iy rioya qilinishini ta’minlasin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov zimmasiga yuklansin.

Viloyat hokimi                          E.Turdimov

2022 yil 4 aprel

155-7-0-Q/22

***

Qaror va uning ilovasi bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.