Mol o‘g‘risiga jazo tayinlandi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati Shofirkon tumani sudi ochiq sud majlisida tekin boylik orttirishni ko‘zlab, jinoyat sodir qilgan D.J.ga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
D.J. 2019 yil 25 iyun kuni taxminan soat 21:00 da Shofirkon tumani Tinchlik MFY, Savrak qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro B.Yu.ning molxonasiga noqonuniy ravishda kirib, molxonadagi bahosi 5 000 000 so‘m bo‘lgan bir bosh sigirini yashirin ravishda o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringan.
Bundan tashqari, D.J. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, shu kuni taxminan soat 23:00 da Shofirkon tumani Tinchlik MFY, Katta Savrak qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro I.T.ning hovlisida bog‘langan turgan, bahosi 4 500 000 so‘m bo‘lgan sigirini ham yashirincha o‘g‘irlagan.
Tergov organi tomonidan D.J.ning jinoiy harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan kvalifikatsiya qilingan.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 33-moddasida “Ushbu kodeks maxsus qismining turli moddalarida yoki bitta moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan, javobgarlikka tortiladigan ikki yoki bir nechta jinoiy qilmishni sodir etish, agarda ulardan birortasi uchun ham shaxs sudlangan bo‘lmasa, jinoyatlar majmui deb topilishi, agar shaxs sodir etgan qilmishida ushbu Kodeks maxsus qismi aynan bir moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlarning alomatlari mavjud bo‘lsa, u moddaning og‘irroq jazo belgilangan qismi bo‘yicha javobgarlikka tortilishi” ko‘rsatilganligi inobatga olinib, D.J.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 169-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan aybli deb topildi. Unga shu moddaga asosan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan D.J.ning 2019 yil 27 iyundan 2019 yil 8 oktyabrga qadar qamoqda saqlangan har bir kuni ozodlikni cheklash jazosining bir kuniga tenglashtirilib, o‘tash uchun 2 yil 8 oy 19 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.
J.JUMANIYOZOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tumani sudi raisi.