Muallim nega mulzam bo‘ldi?
Tilak muallim Abdullaning qurilish tashkilotiga boshliq bo‘lganini eshitib, bir paytlar uni o‘qitgani yodiga tushdi: «Ustozligimni unutmagandir…».
- Abdulla Ahmedovich, sizni bir kishi yo‘qlab kelibdi, ustozingiz ekan, kiraversinmi? - kotiba javob kutib, eshikda turib qoldi.
- Ustozim? - Abdulla Ahmedovich ko‘p ustoz ko‘rgan, qaysi biri ekan? - U biroz o‘ylanib qoldi. Keyin o‘rnidan turdi. – Mayli, kirsin!
- Abdullajon, meni tanidingmi? - Tilak muallim quchoq ochib kirib keldi.
- Ey, muallim, qadamingizga hasanot. - Abdulla Ahmedovich ko‘rishib, Tilak muallimni o‘tirishga taklif qildi. Ustoz, deyishga negadir tili bormadi.
- O‘g‘lim, Xudo omadingni bersin, kamolingni ko‘rib, boshim osmonga yetdi. Amal muborak!
- Rahmat! - Abdulla Ahmedovich o‘ng‘aysizlanib, zimdan Tilak muallimga razm soldi. Ancha keksayib qolibdi. Maktabni bitirishdagi voqea esiga tushdi. Bitirish imtihonlari oldidan Tilak muallim Abdullani yoniga chaqirdi.
- Attestatdagi baholaring yaxshi bo‘lishini istaysanmi? Agar men aytgan arzimagan ishni bajarsang, xuddi ko‘nglingdagidek bo‘ladi. - Tilak muallim unga sinovchan tikildi. – Albatta, bir o‘zing emas, ikki-uchta o‘rtoqlaringni yoningga olasan, besh mingta g‘isht quyib berasanlar.
Abdulla Tilak muallim aytganini qilmagan ikki nafar a’lochi o‘quvchining oltin medaldan mahrum qilinganini eshitgan edi. Xo‘p, deyishga majbur bo‘ldi.
O‘sha voqeani eslar ekan, u Tilak muallim bekorga yo‘qlab kelmaganini sezdi. «Keksayganda ham tamagirligi qolmabdi-da!».
- Keling, muallim, sizni sog‘-salomat ko‘rib, xursand bo‘ldim!
- Balli, Abdullajon, kam bo‘lma! Sening ishing ko‘p, rahbarsan, vaqtingni olmay, mana, ko‘rdim, tabrikladim. Muddaoga ko‘cha qolay. Endi aybga buyurmaysan. Qurilish tashkiloting katta, qo‘ling uzun, bir iltimos bilan keluvdim. Imorat qurayotgandim. Shu desang, tomni yopishda qiynalib qoldim…
Abdulla Ahmedovich hushyor tortdi: «Ha, mana, nimaga yo‘qlab kelganini endi tushundim».
- Muallim, men yaqinda tayinlandim. Hali bu yerning pastu balandini o‘rganib chiqqanim yo‘q, uzr. Hozircha yordam qilolmayman. lekin uyingizga borib, besh mingta g‘isht quyib berishim mumkin...
Tilak muallim "shogirdi"ning nozik joyidan olishini kutmagan edi. Qizarib, mulzam bo‘lib qoldi.
Tog‘aymurod Shomurodov.