Muallim nomini oqlash mana bunday bo‘ladi
Mart oyining 15-sanasidan buyon hamma karantinda, maktab va boshqa ta’lim dargohlari yopildi. Karantin davrida o‘quvchilar uchun televizion darslar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, aksariyat o‘quvchi uni yaxshi tushunmay, darslarni o‘zlashtirolmayotgandi.
Uch oy o‘tib, yurtimizda pandemiya biroz chekindi. Hatto bu paytda ma’lum bir istisnolar bilan karantin cheklovlari ancha yumshadi. Ko‘pchilik odamlar chala qolgan ishlarini davom ettirdi.
Shunday kunlarning birida qishlog‘imizda yashovchi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining uyi oldidan o‘tayotganimda bir necha bolaga ko‘zim tushdi. Uydagilarimdan so‘rasam, muallima o‘zining ikkinchi sinf o‘quvchilarini uyiga chaqirib, dars o‘tayotgan ekan. Bir kuni muallimani ko‘rib so‘radim:
- Ustoz, hech charchadim demaysiz-a. Pensiyaga chiqqan ekansiz, haliyam dars o‘tib yuribsizmi? Yo siz ham repetitorlik qilib "soqqa" ishlayapsizmi?..
Muallima jilmayib javob berdi:
- O‘g‘lim, bolalarimning bilimsiz bo‘lib qolishiga qanday jim qarab turaman? Soqqa deysanmi? Pensiyam o‘zimga yetadi, shukur! To‘g‘risi, maktabda o‘tilmay qolgan ikki yarim oylik darsimni bolalarimga o‘zim tushuntirib bermasam vijdonim qiynaladi.
Ustozning bu gaplaridan so‘ng yuragim shuv etdi. O‘zimdan, muallimaga aytgan so‘zlarimdan uyaldim. Bugun ham shu uy oldidan o‘tarkanman ustozning muloyim ovozi qulog‘im ostida jaranglaydi.
Qaniydi ana shunday fidoyi, vijdonli o‘qituvchilar ko‘p bo‘lsa...
Akbar Ismoilov,
Paxtachi tumani.