Muallimlar saylov qonunchiligi bilan tanishtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan ayni paytda mamlakatimizda saylov qonunchiligi targ‘ibot oyligi o‘tkazilmoqda.

Samarqand tumanidagi umumta’lim maktablari o‘qituvchilari ishtirokida tashkil etilgan targ‘ibot tadbirida joriy yilning 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga o‘tkaziladigan saylovga tayyorgarlik, bu galgi saylovning o‘ziga xos jihatlari haqida so‘z yuritildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov o‘tkazuvchi 68-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi N.Sa’dullayev, komissiya raisi o‘rinbosari R.Hamroqulov hamda huquqshunos O.Ma’rupov yangidan qabul qilingan Saylov kodeksi asosida o‘tkazilayotgan bu yilgi saylov avvalgilaridan tubdan farq qilishini ta’kidladi. Jumladan, saylovda besh siyosiy partiya ishtirok etishi, deputatlikka nomzod ko‘rsatish huquqiga faqat ular ega ekanligi, saylovchilarning elektron ro‘yxati shallantirilganligi, ovoz berish vaqti o‘zgargani haqida ma’lumot berildi.

– Saylov uchastkalarimizning asosiy qismi ta’lim muassasalarida tashkil etiladi va uchastka saylov komissiyalarimizda ham ko‘proq o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatadi, – deydi N.Sa’dullayev. – Shu sababli targ‘ibot tadbirlarimizga muallimlarni ko‘proq jalb qilib, ularga saylov qonunchiligi bo‘yicha ma’lumot beryapmiz. Shuningdek, bu yil ilk bor saylovda qatnashadigan yoshlar o‘rtasida ham targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Oylik doirasidagi tadbirlar tumandagi korxona va tashkilotlar, mahallalar va tibbiyot muassasalarida ham o‘tkazilmoqda.