Muddatidan oldin pensiyaga chiqish mumkinmi?

Sobir MAHMUDOVOqdaryo tumani.

Qonunga asosan pensionerga hisoblab chiqarib qo‘yilgan, lekin uning tomonidan o‘z vaqtida talab qilib olinmagan pensiya puli pensiyani olish maqsadida murojaat etilganidan oldingi o‘n ikki oydan oshmagan davr uchun to‘lanishi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 8 sentyabrdagi 252-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan pensiya jamg‘armasi bo‘limining aybi bilan o‘z vaqtida olinmay qolgan pensiya puli o‘tgan davr uchun muddati cheklanmagan holda to‘lanadi. Bunda o‘tgan davr uchun to‘lovlar biryo‘la tegishli oylar uchun hisoblab chiqarib qo‘yilgan va olinmagan pensiya summalariga mos miqdorda to‘lanadi.

Misol uchun, fuqaro 2016 yilning fevral oyida Rossiya Federatsiyasiga chiqib ketib, O‘zbekistonga 2018 yilning aprel oyida qaytib kelganida unga o‘z vaqtida olinmay qolgan pensiya faqat o‘tgan 12 oy uchun biryo‘la to‘lab beriladi. Bunda 12 oylik pensiya miqdori barcha oshirishlarni hisobga olgan holda to‘lanadi.

***

Besh yildan beri ishsizman, pensiyaga chiqishim uchun ikki yil qoldi. Men muddatidan oldin pensiyaga chiqishim mumkinmi?

Isroil QAMAROVPayariq tumani.

Qonunga asosan texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar (erkaklar - 58 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil bo‘lganda, ayollar - 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lganda) pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Fuqaro yoshga doir pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda bandlikka ko‘maklashish markazining shaxsni ishsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi taqdimnomasini ham taqdim etishi lozim.

Ushbu taqdimnoma muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlashga asos bo‘lib hisoblanadi.

Shohruh SAYDIYeVbyudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi.