Munosib yashamoq baxti

Bugun oramizda el, yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan, o‘zining samarali faoliyati bilan jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shgan ko‘plab insonlar bor. Ularning bosib o‘tgan hayot yo‘li ko‘pchilikka, ayniqsa, yoshlar uchun ibratdir.
Kecha ana shunday insonlardan biri, kattaqo‘rg‘onlik I darajali davlat adliya maslahatchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, taniqli davlat arbobi Alisher Mardiyev bilan o‘zi tahsil olgan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 25-maktabda uchrashuv o‘tkazildi.
Unda tuman hokimi Jamshid Nasriddinov, Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov, "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov, huquqshunos-shoir Xol Muhammad Hasan hamda Alisher Mardiyevning mahalladosh va sinfdosh do‘stlari, jamoatchilik vakillari, o‘quvchilar ishtirok etdi.
Tadbirda ushbu maktabda tahsil olgan Alisher Mardiyevning hayot yo‘li haqida so‘z yuritildi.
A.Mardiyev 1951 yilda Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1993–1995 yillarda Adliya vaziri bo‘lgan.
Mehnat faoliyatini Paxtachi tumani prokurorining yordamchisi lavozimida boshlagan. Vazirlikdan tashqari Samarqand viloyati hokimi, viloyat sudi raisi, viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i kabi vazifalarda faoliyat yuritgan.
Tadbirda ishtirok etgan shogirdlari A.Mardiyevni ko‘plab yoshlarni huquq sohasiga dadil kirib kelishga undaganligini, yoshlarga katta ishonch bildirishi, talabchan, biroq o‘ta mehribon ekanini ham ta’kidladi.
Shuningdek, tadbir davomida Alisher Mardiyevning hayot yo‘liga bag‘ishlangan "Munosib yashamoq baxti" kitobi taqdimoti ham o‘tkazildi.
Uchrashuvda sobiq o‘quvchi o‘zi o‘qigan maktab kutubxonasiga kitoblar, o‘quv qurollari hamda sport anjomlari sovg‘a qildi.
Hilola Ergasheva.