«Musor ne brosat! Shtraf 100000… sum!!!»

Devorlardagi ogohlantirishlar, qog‘ozdagi takliflar nihoyat hayotga ko‘chdi. Yodingizda bo‘lsa, shahar ko‘chalarining aholi gavjum yashaydigan hududlarida, ko‘p qavatli uylarning oldidagi chiqindi atrofi, pana-pastqam devorlarda «Chiqindi tashlamang, jarimasi yuz ming so‘m» kabi yozuvlar (mudom ruscha yozilardi: «Musor ne brosat! Shtraf 100000… sum!!!». Harholda men o‘zbek tilida bunday yozuvlarni o‘qimaganman) bo‘lardi. Chiqindilarini belgilanmagan joyga tashlayotganlarning hammasi bu yozuvni o‘qirdi. Ammo zig‘ircha ham istihola qilmay, chiqindi tashlab ketardi.

Bu haqda eh-he qancha maqolalar yozilmadi, qancha jurnalistlarning, mutasaddi tashkilot vakillarining taklifu tashabbuslari aytilmadi, deysiz. Ammo bu gaplarning qanchasi qog‘ozda, qanchasi og‘izda qolib ketgandi o‘sha yillari. Belgilanmagan joyga chiqit tashlamaslik uchun faqatgina fuqaro madaniyatining o‘zi kifoya qilmasligi, ko‘cha, xiyobonlarda chiqindi qutilari o‘rnatilishi, uni olib ketish uchun tegishli transport doimiy ishlashi lozimligi, chiqindilarni turiga qarab ajratilishi, bu boradagi xorij tajribasi haqida o‘nlab maqolalar chop etilganiga o‘zim guvohman. Ammo ahvol ko‘pam oldinga siljimadi, negadir. Qaysi tashkilotga murojaat qilmaylik, bu masala unga tegishli emasday yo‘l tutishi masalani yanada chigallashtirar, uning ijrosi kimga tegishliligini bilolmay muxbir xunob bo‘lardi.

Bugun chiqindi masalasi bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlarning, unga mas’ullarning ko‘payganini kuzatish mumkin. Ko‘chalarda avval kichik, keyin aholi gavjum joylarda kattaroq, odam qarasa uyalmaydigan, ta’bi xira tortmaydigan qutilarning paydo bo‘lganini kuzatdik. Keyinroq qutilar atrofi uchun bejirim uychalar qad rostlagani ko‘zimizni quvontirdi. Mahallalarga har hafta chiqindi tashish uchun tegishli transportlar qatnovi yo‘lga qo‘yilganiga allaqachon ko‘nikib qoldik. Asta-sekinlik bilan bu masala bo‘yicha tizim yaratildi.

Hozir chiqindi bo‘yicha bir necha mas’ul tashkilotlar borligi va ular doimiy ravishda o‘z faoliyatini olib borayotganiga, aholiga zarur axborot yetkazayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Muhimi, aholi e’tibor qilib-qilmay sodir bo‘layotgan bu o‘zgarishlarga davlat tomonidan milliardlab pul ajratildi. Og‘izda osongina aytiladigan ishlar, qog‘ozda hisob-kitob qilsa, ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘yadigan raqamlar bilan sodir bo‘ldi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bugun bejirim chiqindi qutilarga tashlashga ham erinib, uning yoniga yelim xaltachani tashlab ketayotganlarning harakatini yuqoridagi ishlarning juda katta mablag‘ evaziga, qanchadan-qancha insonlarning zahmatlari tufayli sodir bo‘layotganiga nisbatan hurmatsizlik deb baholash mumkin. Endi bu holat rostakamiga baholanayotganiga yaqinda ko‘zim tushdi.  Uni o‘qirkanman, haqiqatan ham taqiqlarga e’tiborsizlik qilgan odam, mavjud sharoitni hurmat qilmagan insonning qilmishi huquqiy  baholanishidan xursand bo‘ldim.

Jumladan, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining rasmiy telegram kanalida quyidagicha axborot berildi:

«Samarqand viloyati Narpay tumani, Mushkent mahallasida yashovchi fuqaro Q.I. o‘z uyida hosil bo‘lgan qurilish chiqindilarini mahalla hududida to‘plab, ochiq alanga oldirib yoqib yuborgani aniqlandi va unga nisbatan tegishli choralar ko‘rilib, 111.500 so‘m jarima belgilandi.

Qo‘shrabot tumani Zarmitan MFYda yashovchi fuqaro S.B. esa uyidagi maishiy chiqindilarni mahalla ko‘chasining chetiga tashlaganligi aniqlandi va unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 91-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari (223.000 so‘m) miqdorida jarima qo‘llanildi».

Biz uzoq yillardan beri ko‘cha-ko‘yda ko‘zimiz tushadigan ogohlantiruvchi, to‘g‘rirog‘i, ko‘zimizni qo‘rqitish uchun yozilgan, ammo ta’siri bo‘lmagan bu gaplar nihoyat amalga oshganidan, to‘g‘risi yengil tortdim.

Darvoqe, ushbu rasmiy kanalda aytilishicha, «Chiqindini belgilanmagan joyga tashlamang. Jarimasi bor» kabi o‘zbek tilidagi yozuvlar ham kerakli hududlarga ilib qo‘yilayotgan emish. Buniyam yaxshi o‘zgarish desak bo‘ladi...

Gulruh MO‘MINOVA.