Mutaxassis: Ona suti o‘rnini eng sifatli sun’iy ozuqalar ham bosolmaydi

Ona suti — go‘daklar uchun eng mukammal ozuqa. Uning tarkibida chaqaloqlarni ko‘plab kasalliklardan himoya qiluvchi antitanalar mavjud.

Shu bois xalqaro hujjatlarda go‘daklarni 6 oygacha istisnosiz ko‘krak suti bilan parvarishlashni muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar jamiyat salomatligini saqlashdagi muhim vazifa ekanligi belgilab qo‘yilgan.

👩🏻‍⚕️Ona suti — hayotning birinchi yilidagi bolalar uchun eng ideal ozuqa, — deydi Respublika perinatal markazi direktori Nilufar O‘rinboyeva. — U o‘zida vitaminlar, gormonlar va antitelalar kabi hayot uchun muhim bo‘lgan foydali moddalarni kerakli miqdorda jamlagan. Uning o‘rnini, hatto, eng sifatli va qimmat sun’iy ozuqa mahsuloti ham bosolmaydi.

👶 Ajablanarlisi, ona suti kunning vaqtiga va bolaning yoshiga qarab o‘zgarib turadigan noyob tarkibga ega. Chaqaloq tug‘ilganda og‘iz suti bo‘lib, u ulg‘aygani sayin oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, immun komponentlar va antigenik tarkib o‘zgarib boradi. Hatto, og‘iz sutini bolaning birinchi emlashi deb ham atash mumkin. Chunki u eng ko‘p miqdordagi antikorlarni o‘z ichiga oladi.

🩸Faqat ona sutidagina bolaning to‘liq rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan muhim amino- va yog‘li kislotalar mavjud. Bu ne’mat go‘dakda allergik reaksiya hosil qilmaydi. Undagi zardob oqsillari esa kichkintoyning hujayralariga o‘xshagani uchun osongina so‘riladi va qonga o‘zgarmagan holda kiradi.

🦠 Qolaversa, bu ozuqa kuchli infeksiyaga qarshi xususiyatga ega. Aytish lozimki, go‘dak hayotining birinchi yilida uning immuniteti yetuk bo‘lmaydi (u faqat 3 yoshda shakllanadi). Shu bois, har bir ona emizish orqali o‘z farzandiga kerakli himoyani bera oladi. Ya’ni, ona suti yozda ichak infeksiyalari, qishda virusli va bakterial kasalliklardan asraydi.

🫁 Bundan tashqari, bu bebaho ne’mat bilan oziqlanib, ulg‘aygan bolalar har tomonlama yaxshi rivojlanadi. Raxit, kamqonlik kasalligi, oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi kabi xastaliklar deyarli kuzatilmaydi. Zotiljam bilan esa kamdan kam hollarda og‘riydilar.

🥡 Afsuski, ayrim onalar qarshi ko‘rsatma bo‘lmasa-da farzandini ko‘krak suti bilan emas, balki sun’iy oziqlantirish orqali katta qilishni afzal ko‘radi. Bu bilan ular go‘dakni kasalliklarga duchor qilish xavfini oshiradi. Hatto, ayrim olimlar sun’iy oziqlantirishni bola uchun “metabolik stress” deb ham ataydi. Bunday bolalar ko‘pincha nafas olish va ichak infeksiyalariga moyil bo‘lgani uchun maxsus tibbiy nazoratda bo‘lishi kerak.

🧑🏻‍🍼Shuningdek, emizish ona sog‘lig‘i uchun ham juda muhim. Jumladan, emizish paytida ulardan ajraladigan gormonlar bachadonning qisqarishiga yordam berib, qon yo‘qotilishini kamaytiradi. Bu esa kamqonlik xavfini oldini oladi.

🤦🏻‍♀️ Shu bilan birga, bunday ayollar tug‘ilgandan keyin tezroq tiklanadi. Emizikli onalar deyarli hech qachon tug‘uruqdan keyingi depressiyani boshdan kechirmaydilar. Ularda ko‘krak, tuxumdonlar va bachadon saratoni rivojlanish xavfi sezilarli darajada past bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda ona suti bilan oziqlantirish u va bola salomatligi uchun birdek foydali. Shu bois barcha ayollarga farzandini 6 oygacha istisnosiz ona suti bilan boqishni tavsiya qilamiz.