Myanmada harbiy boshqaruvga qarshi chiqqan namoyishchilar o‘q uzib tarqatildi

Ta’kidlanishicha, 14 fevral kuni namoyishlarda xavfsizlik kuchlari Michina shahrida namoyishchilarga qarata o‘q uzdi. Twitterda tarqatilgan videoda otishma, sarosimada qochayotgan odamlar aks etgan. Yaralanganlar yoki harbiylar ishlatgan o‘q - rezina yoki jangovar ekanligi hozircha ma’lum emas.

Bundan tashqari, mamlakatning yirik shaharlariga tanklar va boshqa og‘ir harbiy texnikalar kiritildi. Myanmadagi internet tun davomida ishlamadi.

Eslatib o‘tamiz, 1 fevral kuni Myanmada davlat to‘ntarishi sodir bo‘ldi. Harbiylar hukmron «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi qat’iy g‘alabaga erishgan kuzgi saylov natijalariga norozi bo‘lishdi. Ular hukumat tarqatilishini e’lon qilib, Myanma prezidenti Vin Min hamda partiya rahbari, davlat maslahatchisi va tashqi ishlar vaziri Aun San Su Chjini hibsga olishdi.

Mamlakatda bir yil muddatga favqulodda holat joriy etildi. U tugagach, armiya mamlakatda yangi hukumat tayinlovchi saylov o‘tkazishga va’da berdi. Bu orada butun hukumat mamlakat qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni Min Aun Xlain qo‘liga o‘tdi.