Nakurtda adabiyot bayrami bo‘ldi
Nakurt – Samarqand viloyatining eng olis aholi punktlaridan biri. Payariq tumani markazidan 50 kilometr uzoqlikda, tog‘lar bag‘rida joylashgan qishloq aholisi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, hudud infratuzilmasini rivojlantirish borasida keyingi yillarda keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, o‘tgan yil qishloqning 10 kilometrdan ortiq asosiy yo‘llari asfalt qilinib, ichki yo‘llarga tosh-shag‘al to‘kildi. Hududdagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, tibbiyot punktida ta’mirlash, rekonstruksiya ishlari bajarildi. Ayni paytda ham bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Kuni kecha ushbu mahallada O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Yozuvchilar uyushmasi hamda Payariq tumani hokimligi tashabbusi bilan adabiyot bayrami o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, poytaxtdan kelgan va samarqandlik taniqli yozuvchi va shoirlar, olimlar, adabiyot va san’at namoyandalari ishtirok etdi.
– Nakurtda bunday ma’rifiy tadbirlar, ijodiy kechalar juda ko‘p o‘tkazilgan, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Farmon Toshev. –Elimizning sevimli ijorkorlari kelib bu qishloq manzaralaridan zavq olgan, boqiy buloqlaridan suv ichgan. Bundan 10 yil avval O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov boshchiligidagi bir guruh ijodkorlar qishloqda bo‘lib, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazgani kechagidek ko‘z o‘ngimda. Afsuski, bugun oramizda Abdulla aka, Sa’dulla Hakim, Azim Suyun yo‘q (ularning ruhi shod bo‘lsin). Lekin Nakurtdagi adabiyot bayrami davom etmoqda, bundan buyon ham davom etajak.
Uchrashuvda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, shoir Abdusaid Ko‘chimov yurtimizdagi bugungi adabiy jarayon, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish borasidagi ishlar haqida so‘z yuritdi. Yurtimizda “Inson qadrini uchun!” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar, aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyati targ‘iboti olis-olis qishloqlar aholisi hayotida ham o‘z ifodasini topayotganini ta’kidladi. O‘z ijod namunalaridan o‘qib berdi.
– Nakurt qishlog‘i bugun biz uchun juda qadrli go‘shaga aylangan, – dedi A.Ko‘chimov. – Bu avvalo, shu yerdagi tog‘lar kabi baland, qalbi keng inson Azim Suyun tufayli qishloqqa ko‘p kelganimiz bilan bog‘liq. Qolaversa, o‘tgan yil davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” umummiliy harakat doirasida Payariq tumani hokimligi ko‘magida hududda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA bog‘ini tashkil etdik. Bugun borib ko‘rdik, o‘tgan yil kuzda va bahorda ekilgan nihollarimiz baravj o‘syapti. Ayrimlari nishona hosil solganini ko‘rib, amalga oshirayotgan xayrli, ezgu ishlarimiz, albatta, o‘z mevasini berishiga yana bir karra imon keltirdik.
Uchrashuvda 39-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari ta’lim muassasasidagi ijodiy to‘garaklar haqida so‘zlab, o‘z she’riy mashqlarini o‘qib berdi. Shuningdek, payariqlik ijodkorlar o‘z dil so‘zlarini bildirdi, yangi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.
Maktabga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara asarlaridan iborat 500 ta badiiy kitob sovg‘a qilindi.
– Maktabimizda iste’dodli yoshlar ko‘p, – deydi 39-maktab ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Otabek Xudoyorov. – Ularning she’r va hikoyalarini adabiy to‘garaklarimizda muhokama qilib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatamiz, qo‘llab-quvvatlaymiz. Bugungi uchrashuv o‘quvchilarimiz uchun juda katta mahorat sabog‘i bo‘ldi, ular ustoz ijodkorlarning maslahatini oldi. Ayniqsa, kutubxonamiz uchun keyingi yillarda chop etilgan noyob badiiy kitoblar sovg‘a qilinganidan juda xursandmiz.
Urgutlik xalq ta’limi faxriysi Quddus Asqarov, Nakurt mahallasi oqsoqollari Oltiboy Dehqonov, Keldiboy O‘rolov olis qishloqlarda, ta’lim muassasalarida bu kabi ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilishi aholiga jo‘shqinlik baxsh etishi, yangi, yosh iste’dodlarning kashf etilishiga xizmat qilishini qayd etdi.
– Qani endi vaqtlaringiz bo‘lsa-yu tumanimizdagi har bir mahallada, har bir maktabda shunday uchrashuvlar o‘tkazsak, – dedi Payariq tumani hokimi Zafar Ergashev uchrashuv yakunida. – Bu aholimizga juda katta ma’naviy quvvat beradi, hayotiga jo‘shqinlik baxsh etadi. Shuning uchun sizlarni tumanimizning boshqa hududlarida ham kutamiz, shunday ma’naviy tadbirlar o‘tkazishga taklif qilamiz.
Ijodkorlar bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (surat).