Namanganlik Feruza Hoshimova: "Yangi yilni Samarqandda kutdik, uch kundan buyon shu tabarruk shahardamiz"
Yurtimizda bo‘ladigan bayramlar munosabati bilan belgilangan dam olish kunlaridan odamlar yaxshi foydalanishni odat qilishyapti. Chunki shu kunlari O‘zbekiston bo‘yicha ichki turizm uchun bir qator chegirmalar ham joriy etiladi.
- Oilamiz bilan Samarqand shahriga kelishni ko‘pdan buyon niyat qilib yurardik, - deydi Namangan viloyati Pop tumanida yashovchi Feruza Hoshimova. - Lekin oilaviy tashvishlar, ro‘zg‘or ishlari, qolaversa, o‘zim Farg‘ona shahridagi Markaziy Osiyo tibbiyot universiteti (Central Asian Medical University)da o‘qiganim sababli ko‘proq darsda bo‘lganim bois Samarqandga kelolmayotgandik. Onam va turmush o‘rtog‘imga to‘rt kunlik dam olish kuni, menga va farzandlarimga 10 yanvargacha ta’til bo‘lganidan foydalanib, 31 dekabr kuni Samarqand shahriga keldik va "Sangzor" mehmonxonasiga joylashdik.
Yangi yilni shu yerda kutib oldik. Mehmonxonaning 20 foizlik chegirmasidan foydalandik. Uch kundan buyon shu yerdamiz - Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbara-majmuasi, Shohi Zinda ziyoratgohi va Ulug‘bek rasadxonasida bo‘ldik.
– Samarqand shahri boshqa shaharlarga qaraganda bizga yaqin, shuning uchun har yili ko‘p kunlik dam olish kunlarida kelamiz, – deydi Navoiy shahrida yashovchi Jasurbek Eshonqulov. – Lekin har gal Samarqandda nimadir yangi inshoot qurilganiga guvoh bo‘lamiz. Bu yil xalq tilida "respublikanskiy bolnitsa" deyiladigan ko‘chalar chorrahasida qurilgan tunnelni ko‘rib, hayratlandik. Shu yo‘ldan avval Hazrati Xizr majmuasi, Shohi Zinda va "Boqiy shahar" xalqaro turizm markaziga bordik. Samarqand siti, deb ataladigan "Boqiy shahar"ni televizorda ko‘rib, bu yerga kelishni havas qilardik. Dadam, onam, oilam, farzandlarim bilan maza qilib tomosha qildik, dam oldik, ziyorat qildik. Qishda, Yangi yilda qor bo‘lsin, deymiz-u ammo shu kunlardagi ob-havo sayohat va ziyorat uchun juda qulay bo‘ldi.