Navoiyning yorkentlik izdoshlari

Xitoy va Turkiston xalqlari tarixida muhim jarayonlarni boshidan kechirgan Yorkent xonligi hududida XVI-XIX asrlarda madaniy hayot va adabiy muhit yuksak darajada kamol topgan. 2007-2009 yillar davomida Xitoyda olib borgan ilmiy izlanishlarimiz davomida Yorkent xonligi davri adabiy muhitiga Alisher Navoiy samarali, har jihatdan ta’sir ko‘rsatganligi, buyuk mutafakkir bobomizning adabiy merosi Yorkent  va Qashqarda faoliyat olib borgan adiblar iqtidorining sayqal topishida muhim o‘rin tutganligi haqidagi ma’lumotlarni topdik.

Bu muhitda hazrat Navoiy ijodidan ta’sirlangani holda qator taniqli adiblar "Xamsa" dostoni, g‘azal va ruboiylariga monand ko‘plab nazira she’rlar, muxammaslar yaratgan.

Quyida Alisher Navoiy ijodiy maktabi ta’sirida voyaga yetgan, ulug‘ shoir asarlariga hamohang tarzda ijod qilgan va mutafakkir an’analarini davom ettirgan ayrim adiblar haqida muxtasar ma’lumot keltirib o‘tamiz. Bu adiblar haqidagi keng ma’lumotlar o‘zbek adabiyotshunosligida deyarli uchramaydi.

Sulton Saidxon (1487-1533). Yorkent xonligining asoschisi (1514 y.) va xoni (1514-1533). Mirzo Boburning qarindoshi, iqtidorli shoir, adabiy taxallusi – Saidiy.

Muhammad Haydar Mirzo Do‘g‘lot (1499/1500-1533) ning 1541-1546 yillarda yozilgan "Tarixiy Rashidiy" asarida Saidxonning badiiy salohiyati haqida shunday deyiladi: "Nasta’liq xatida chiroyli yozardi. Imlosi forsiyda ham, turkiyda ham, arabiyda ham to‘g‘ri va bekamu ko‘st edi. U turkiyda chiroyli qilib insho tuzishda benazir edi. Bunaqasi ko‘plab bilimdonlarning qo‘lidan kelmasdi. U o‘ylab o‘tirmasdan she’r tuzardi. Yig‘inlar va suhbatlar paytida oldida qanday devonni ochishmasin, o‘sha she’rlarning istalgan vazni va qofiyasiga moslab, badiha she’r to‘qib tashlardi…

Xon yig‘inlar paytida to‘qigan badihalardan ayrimlarini men eslab qolganman…

Qaysi gulshanning yuzingdek bir guli

ra’nosi bor?

Qaysi gulning bir maningdek bulbuli

shaydosi bor?.."

Ayazbek-qo‘shchi. Yorkent xonligining dastlabki yillarida sarkardalik qilgan. U "Mahmud­noma", "Jahonnoma" dostonlarining muallifi hisoblanadi. Ayazbekning quyidagi she’ri uning shoirlik salohiyatidan dalolatdir:

Soqiy mayi farahbaxsh tutkim bahor keldi,

Ishrat zamoni yetdi ul gul’uzor keldi…

Davron ayru-ishrat besh kun erur g‘animat,

Chun charxi bemuruvvat napaydarpayi keldi.

Abdurashidxon (1510-1569). Sulton Saidxonning o‘g‘li, shoh (1533-1569) va shoir, adabiy taxallusi – Rashidiy. Shoir g‘azalidan parcha:

Haq yo‘lida jon chekib bir justujo‘yi

qilmadim,

Tavba suyidin tanimni shustushuyi

qilmadim.

Vah, nechuk maqbuli bo‘lg‘ay, vah,

namozimkim mening,

Chunki xunobi jigar birla vazuyi

qilmadim.

Abdurashidxon ona tilidan tashqari, fors tilida ham ajoyib she’rlar yaratgan. "Tarixi Qashqar" asarida keltirilishicha, Abdurashidxon nihoyatda savodxon bo‘lib, ona tilida va fors tillarida ajoyib she’rlar ijod qilgan.

Amannisaxon (1534-1567). Nafisiy taxallusi bilan ijod qilgan. Abdurashidxonning quyi tabaqadan chiqqan ikkinchi xotini, shoira, xattot va iste’dodli san’atkor. Asarlari – "Devoni  Nafisiy", "Qalblar sharhi", "Axloqi Jamila" risolasi.

Mulla Yusuf Qodirxon Yorkentiy (? – 1571). Amannisaxonning ustozi, Abdurashidxonning bosh vaziri, mashhur musiqashunos, shoir. "Devoni Qodirxon" nomi bilan devon tartib bergan.

Jahon xo‘ja Yoqub Arshiy. Taxminan 1724-1730 yillar oralig‘ida Buxoro, Samarqand, Qo‘qon madrasalarida o‘qigan. Arshiy taxallusi bilan turkiy, fors va arab tillarida she’r­lar ijod qilgan. Yorkent hokimi (1735-1759) bo‘lgan. Arshiy har payshanba kuni "Oltin" madrasasida talabalarga dars bergan. Ular orasida Qo‘qon xonligidan bo‘lgan talabalar ham tahsil olishgan. Ma’lumotlarga qaraganda, Jahon xo‘ja afsonaga aylangan yori, Mahdumi A’zam avlodi Iparxon (1734-1788) ning xojasi bo‘lgan.

Obid Qumuliy. Asosan g‘azal va ruboiy janrlarida ijod qilgan. Qumul shahri hokimi Ubaydulla o‘ozibek homiyligida faoliyat olib borgan. Xitoyning SUAR (Urumchi)dagi adabiyot muzeyida saqlanadigan "Bayoz"da shoirning 34 g‘azali va 69 ruboiysi keltirilgan.

Mulla Fozil. Adabiy taxallusi "Kichik". 1653 yilda tug‘ilgan. Shoirning Alisher Navoiy asari ta’sirida 1705 yili yozib tugatilgan "Layli va Majnun" dostoni bizgacha yetib kelgan. Asarning Alisher Navoiy "Layli va Majnun"idan asosiy farqi tilining soddaligi, xalq og‘zaki ijodidagi obraz va tushunchalarning aks etishida ko‘rinadi. Qo‘lyozma 254 sahifadan, 5592 misradan tarkib topgan.

Muhammad Xarobotiy (tax. 1638-1730). Qash­qar va Buxoro madrasalarida ta’lim olgan. Abdulla Xarobotiy mahalliy hukmdor bilan chiqisholmaganligi haqida o‘zining "Masnaviyi Xarobotiy" asarida bir necha marta sha’ma qiladi va masnaviyning har bobi so‘ngini quyidagi murojaat bilan tugallaydi:

"…Man nechuk aylay ko‘ngulni shodlar,

Qaysi bir g‘amdin qilay faryodlar?".

Ayrim xitoylik adabiyotshunoslar fikricha, shoir bir qancha lirik va epik asarlar yozgan, biroq bizga uning faqat "Kulliyoti masnaviyi Xarobotiy" asari ma’lum. Mazkur asar XVII asr birinchi choragida yaratilgan didaktik adabiyotning yirik namunasi hisoblanadi.

Muhammad Emin Xo‘jamquli Xirqatiy (Gumnom) (1634-1724) o‘n olti yil mobaynida Samarqand va Qashqar madrasalarida ta’lim olib, turkiy, arab va fors tillarini mukammal bilgan. Qashqarda, Ofoq xo‘ja dargohida Rahimbobo Mashrabga saboqdosh bo‘lgan.

Xirqatiy ijodining cho‘qqisi uning 1670 yilda yozilgan "Muhabbatnoma va Mehnatkam" deb ataluvchi munozara janridagi dostoni hisoblanadi. Xirqatiy bu masnaviysi bilan turkiy tildagi dostonchilik mavzusini boyitib, an’anaviy ishqiy kechinmalar aks etgan muhabbat mavzusini mehnat mavzusi bilan omuxtalashtirishga erishadi.

Xirqatiyning ikkinchi taxallusi Gumnom. Uning "Devoni Gumnom" she’riy to‘plami 109 sahifadan iborat bo‘lib, 85 g‘azal (1550 misra), 14 muxammas, 25 ruboiy, bir tarjibband va bir masnaviydan tarkib topgan.

Muhammad Siddiq Zaliliy (1676-1755). 40 yoshida ukasi Dalil va shoir do‘sti mulla o‘azal bilan Turkiston bo‘ylab uzoq safarga otlanadi. Safar taassurotlari zaminida Zaliliy "Safarnoma" (1718), "Tazkirai Chiltan" (1734), "Tazkirai xoja Muhammad Sharif" (1744) asarlarini yaratadi. Bundan tashqari, uning 196 turkiy, 56 forsiy g‘azallari, 27 ruboiy, shuningdek, mustahzod, qasida, soqiynomalari bizgacha yetib kelgan.

Navbatiy Xo‘tandiy (1691-1760) asarlari Qashqar madrasalarida Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy asarlari bilan bir qatorda o‘qitilgan. Navbatiy she’rlari to‘plami 1954 yilda Kuchar shahrida aniqlangan. Majmua taxminan 1740 yilda tartib berilgan. Qo‘lyozma 107 g‘azal va 31 ruboiyni o‘z ichiga oladi. Kitobga Huvaydoning 69 she’ri ham kiritilgan.

Muhammad Siddiq Rushdiy (tax.1708-1788) Yorkentning taniqli adibi. 1780 yilda Farididdin Attorning "Tazkiratul avliyo"si zaminida "Tazkirat ul-avliyoi turkiy" asarini yaratdi. Bu tazkira Alisher Navoiyning mutasavvuf ijodkorlar haqidagi "Nasoyimul muhabbat" asaridan keyin turkiy tilda yaratilgan shu mazmundagi asar hisoblanadi. "Tazkirat ul-avliyoi turkiy"da to‘qson besh mutasavvuf haqida ma’lumotlar keltiriladi.

Abdurahim Nizoriy (1770-vafot etgan yili noma’lum) Alisher Navoiy ijodidan ilhomlanib, "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun" dostonlari yaratgan. Bu epik an’anani zamondoshlari Noruzoxun Ziyayi va Turdi o‘aribiy, XIX asrning ikkinchi yarmida esa Sadir Polvon, Said Muhammad Koshiy, Mulla Shokir, Akmal Toshkandiy, o‘iyosiddin Umar Marg‘iloniy, Imom Ali Qunduziy, Pisandiy, tabib Hasan Xo‘ja kabilarning asarlarida ham davom etdi.

Bu ma’lumotlardan ko‘rinadiki, Alisher Navoiy nafaqat bizning hududda ijod qilgan adiblar asarlariga, balki chet eldagi, xususan, Xitoy xalqlari adabiy muhitiga ham samarali ta’sir ko‘rsatgan.

Bugungi kunda o‘zbek-xitoy aloqalari rivoji yangi bosqichga ko‘tarilgan davrda Alisher Navoiyning Yorkent xonligi adabiy muhitiga ta’sirini o‘rganish, o‘zbek-xitoy xalqlari tarixining mushtarak jihatlarini yoritish xalqlar o‘rtasidagi aloqalarning yanada mustahkamlanishiga zamin yaratadi.

Erkin MUSURMONOV,

filologiya fanlari nomzodi,

dotsent.