Navro‘z qadriyatlari bog‘chadan boshlandi

O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Samarqand viloyat Kengashi va shu partiyadan saylangan viloyat Kengashi deputati Dilfuza Ravshanova tashabbusi bilan Samarqand shahridagi "Temur fayz" nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida sumalak sayli o‘tkazildi.

- Milliy qadriyatlarimizdan biri hisoblangan sumalak pishirish jarayonini bejiz muassasada o‘tkazmadik, - deydi viloyat Kengashi deputati, "Temur fayz" nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari Dilfuza Ravshanova. - Chunki bolajonlarimiz ushbu tansiq taomning tayyorlanishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rsa, bu ularni birdamlikka,  ahillikka chorlaydi. Bolajonlarimizda o‘zligimizni anglash, qadriyat va an’analarimizga hurmat tuyg‘usini kuchaytiradi.

Sumalakning tayyorlanish jarayonida partiyaning faol xotin-qizlari tomonidan aytilgan o‘lan va laparlarni bolajonlar maroq bilan tinglashdi.

Doshqozonda tayyor bo‘lgan sumalakdan nafaqat bolajonlar, ularning ota-onalari, balki hududda yashovchi kam ta’minlangan oilalar, nuroniy otaxon-u onaxonlar ham bahramand bo‘ldi.

MTDP Samarqand viloyat

Kengashi axborot xizmati.