Nazoratdagi shaxslarning 355 nafari yana qayta jazoga mahkum etildi
2020 yilda viloyat IIB probatsiya nazoratidagi 6379 nafar shaxsning 3793 nafari bevosita ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo muddatlarini o‘tayotgan bo‘lsa, 2586 nafari ro‘yxat hisobiga olingan.
Bugun asosiy e’tibor nazoratdagi shaxslarni ijtimoiy muhitga moslashtirish, kelgusida ular tomonidan takroriy jinoyat sodir etilishini oldini olishga qaratilmoqda.
O‘tgan yilda belgilangan jazoni o‘tashga halol munosabatda bo‘lgan 2667 nafar nazoratdagi shaxsning o‘talmay qolgan jazosi muddatidan ilgari tugatilib, ular shartli ravishda ozod etildi.
Ammo berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanmasdan, tayinlangan jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab yurgan shaxslar ham yo‘q emas. 2020 yilda ana shunday nazoratdagi 355 nafar shaxsning o‘talmay qolgan jazo muddatlari jazoning og‘irroq turlariga, xususan, 185 nafarining jazosi ozodlikdan mahrum etishga almashtirildi.
Jumladan, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan K.Tutakov sud tomonidan belgilangan cheklovlarni bir marotaba buzganligidan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan yana takroran buzganligi uchun uning o‘talmay qolgan 2 yil 8 oy ozodlikni cheklash jazosi, Jinoyat kodeksining 481-moddasiga asosan shu muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga almashtirildi.
Z.Abdurahmonov,
Samarqand viloyati IIB probatsiya bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik.