Noshud otalarga jazo tayinlandi
O‘z farzandlarining moddiy ta’minotiga befarq bo‘lib kelayotgan otalardan sud qarorlari asosida majburiy tartibda aliment to‘lovlarini undirish, bunday to‘lovlarni amalga oshirishdan bo‘yin tovlab kelayotgan otalarga nisbatan qonunda belgilangan choralar ko‘rish, ularni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish Majburiy ijro byurosi organlarining asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Afsuski, bunday holatlar kam emas.
Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining 2016 yildagi hal qiluv qaroriga asosan fuqaro R.K. sobiq turmush o‘rtog‘i foydasiga 2 nafar farzandlarining voyaga yetguniga qadar moddiy ta’minoti uchun aliment pulini to‘lab borishi belgilangan. Lekin R.K. biror-bir foydali mehnat bilan shug‘ullanmasdan, aliment pullarini to‘lashga o‘z farzandlarining moddiy ta’minotiga befarq qarab kelganligi uchun 2019 yilning aprel oyida Toyloq tumani ma’muriy sudining qarori bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan. Lekin fuqaro R.K. ma’muriy qamoq jazosidan o‘ziga tegishli xulosa chiqarib olmagan va voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlashni davom ettirgan. Oqibatda joriy yilning noyabr oyi holatiga uning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi 15 million 517 ming so‘mni tashkil qilgan.
Majburiy ijro byurosi Jomboy tumani bo‘limi tomonidan fuqaro R.K.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar asosida 2019 yil 22 noyabr kuni Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Xuddi shu kabi fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudi tomonidan 2012 yil may oyida chiqarilgan hal qiluv qaroriga asosan fuqaro R.F. voyaga yetmagan 1 nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun sobiq turmush o‘rtog‘i foydasiga aliment pulini to‘lab borishi belgilangan. Biroq fuqaro R.F. hech qayerda ishlamasdan, voyaga yetmagan o‘g‘lining moddiy ta’minotiga befarq qarab kelganligi uchun Bulung‘ur tumani ma’muriy sudining 2019 yil iyun oyida chiqargan qaroriga ko‘ra, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47(4)-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Lekin shundan so‘ng ham fuqaro R.F. o‘ziga ijobiy xulosa chiqarib olmasdan, voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlashda davom etgan va noyabr oyi holatiga uning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi 31 million 396 ming so‘mni tashkil qilgan.
Bu holat bo‘yicha 2019 yil 22 noyabr kuni Byuroning Jomboy tumani bo‘limi tomonidan fuqaro R.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
2017 yilning noyabr oyida fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudi fuqaro Sh.O.ga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun sobiq turmush o‘rtog‘i foydasiga aliment pullarini to‘lab borishni belgilagan. Biroq qarzdor Sh.O. aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelganligi sababli 2019 yil mart oyida Toyloq tumani ma’muriy sudining qarori bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan.
Ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqan bo‘lsa-da, fuqaro Sh.O. bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarib olmasdan, voyaga yetmagan farzandlariga aliment to‘lashdan bosh tortib kelgan va joriy yilning noyabr oyiga uning farzandlari oldidagi qarzdorligi qariyb 19 million 400 ming so‘mni tashkil qilgan.
Noshud bu otaga nisbatan ham 2019 yil 22 noyabr kuni Byuroning
Jomboy tumani bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan ish qo‘zg‘atilib, uni jinoiy javobgarlikka tortish masalasi hal qilinmoqda.
2018 yilning yanvar oyida fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘allaorol tumanlararo sudining qarori bilan Nurobod tumanida yashovchi fuqaro X.A. voyaga yetmagan 1 nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun sobiq turmush o‘rtog‘i foydasiga aliment to‘lab borishi belgilangan. Lekin qarzdor o‘g‘lining taqdiriga befarq bo‘lib, unga alimentlarni to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Shu sababli Majburiy ijro byurosi Nurobod tumani bo‘limi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida unga 2019 yil may oyida tuman ma’muriy sudining qaroriga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Shundan so‘ng ham fuqaro X.A. o‘ziga xulosa chiqarib olmagan va voyaga yetmagan farzandiga aliment to‘lashdan bosh tortib kelgan. Joriy yilning noyabr oyiga uning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi 2 million 314 ming so‘mni tashkil qilgan.
Ushbu holat bo‘yicha 2019 yil 22 noyabr kuni Byuroning
Nurobod tumani bo‘limi tomonidan fuqaro X.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.