Neolit davridan — Islom madaniyatigacha: Samarqandda Sharja amirligi (BAA)ning arxeologik topilmalar ko‘rgazmasi ochildi

Samarqanddagi «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi Art-Rezidensiyada Sharja amirligining arxeologik topilmalar ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BAA Sharja amirligi hukumati ijrochi raisi Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy, Sharja arxeologiya boshqarmasi bosh direktori Eisa Yusuf, BAA delegatsiyasi vakillari hamda mahalliy mutaxassislar ishtirok etdi.

- Sharja qadimiy tarixga ega bo‘lib, ushbu hududda ko‘plab eksponatlar topilgan,  -  dedi Aziz Abduhakimov. - Bu topilmalarning 80 foizi ilk bor O‘zbekistonda ko‘rgazmaga qo‘yildi. Ko‘rgazmadan BAA va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar tarixi hamda Sharja Amirligining neolit davridan Islomgacha bo‘lgan davriga oid 170 dan ortiq arxeologik topilmalar o‘rin olgan.

Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy esa O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklarining tarixi, madaniyati bir-biriga juda yaqin ekanligi hamda eksponatlarning ahamiyati haqida gapirdi.

Sharja amirligi arxeologik topilmalari ko‘rgazmasining aynan O‘zbekistonda ochilgani o‘ziga xos ahamiyatga ega, - dedi U. - Negaki ikki davlatning madaniyati, tarixi, e’tiqodi mushtarakligi bilan ajralib turadi. – Jumladan, Samarqand Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgan bo‘lib, u nafaqat tovarlar, balki g‘oyalar almashinuvi majmuasidir.  Bu uzoq vaqt oldin, tosh asrida, inson Afrikadan chiqib, Arabistonga kelganida boshlangan.  Sharja amirligi hududi dengiz ipak yo‘lida joylashgan bo‘lib, qadimdan bir tomondan Yunoniston va Rim, ikkinchi tomondan Hindiston, Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasida ko‘prik bo‘lib kelgan. 

2020 yil Lissabondagi Milliy arxeologiya muzeyida ham “Sharja arxeologiyasi” ko‘rgazmasi ochilgan va Portugaliya muzeyshunoslik assotsiatsiyasi tomonidan e’tirofga sazovor bo‘lgan edi. Sharjadagi Mleyxa arxeologik yodgorligida saroy, istehkomlar, uylar va insonlar hamda hayvonlar qabrlari topilgan. Topilmalarning umumiy maydoni 3 kilometrga cho‘zilgan. Mleyxadan uzoq bo‘lmagan hududda esa arxeologlar oltin, kumush, bronza, temir, fil suyagi, alebastr, shisha va boshqalardan yasalgan, bezatilgan buyumlar ham topilgan. Bu buyumlarda qadimgi Misr, Yunon, Rim, Parfiya, O‘rta Osiyo, Hindiston madaniyati izlarini ko‘rish mumkin.

Ko‘rgazma 22 aprelgacha davom etadi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.