«Nol» qiymatda olingan binoni hokimlik tadbirkorga nega bermagan?
G.Aliyeva Paxtachi tumani Shams Nazar mahallasida joylashgan sobiq “Xumor” sanatoriya-profilaktoriya bino-inshootlarini investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan “nol” qiymatda sotib olgan. Bu borada tuzilgan uch tomonlama shartnomaga muvofiq, Paxtachi tumani hokimligi 15 kun muddatda ushbu binoni qabul qilish-topshirish dalolatnomasi rasmiylashtirib, ob’yektni unga topshirishi lozim edi. Biroq tuman hokimligi mutasaddilari ob’yektni unga topshirmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyat hokimining 2018 yil 14 fevraldagi qaroriga muvofiq, Paxtachi tumanidagi sobiq “Xumor” sanatoriya-profilaktoriya bino-inshootlari investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan “nol” xarid qiymatida tanlov asosida sotilishi belgilangan.
Samarqand viloyati hududiy tanlov komissiyasining 2018 yil 10 avgustdagi 02-02/14-sonli yig‘ilish bayoniga asosan Gavhar Aliyeva yuqorida nomi ko‘rsatilgan ob’yektni “nol” xarid qiymatida sotish bo‘yicha tanlov savdosi g‘olibi deb e’tirof etilgan.
Shunga asosan, 2018 yilning 17 avgustda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi, Paxtachi tuman hokimligi va G.Aliyevalar o‘rtasida 53-sonli oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan.
Mazkur shartnomaga muvofiq, tadbirkor bir yil muddatda 1,5 mlrd. so‘mlik investitsiya kiritib, 20 tadan kam bo‘lmagan yangi ish o‘rinlarini yaratish majburiyatini olgan.
Shuningdek, Paxtachi tumani hokimligi xaridor tomonidan ob’yektning huquqiy hujjatlari taqdim qilingan kundan boshlab, 15 kun muddat ichida qabul qilish-topshirish dalolatnomasini rasmiylashtirib, ob’yektni xaridorga topshirish hamda ob’yektga kirish imkoniyatini berish, investitsiya majburiyatlarini ushbu shartnoma va biznes rejaga muvofiq bajarishiga to‘sqinlik qilmaslik majburiyatlarini olgan.
Biroq hokimlik o‘z majburiyatini bajarmagan. Tadbirkorning ushbu masalada bir necha marotaba yuqori turuvchi idoralarga murojaati ham natijasiz qolgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlari aralashuvi bilan Paxtachi tuman hokimligi tomonidan sobiq “Xumor” sanatoriya-profilaktoriya binosi “Aliyeva Gavhar Azamatovna” MChJ (direktor G.Aliyeva)ga tegishli dalolatnoma asosida topshirilishi ta’minlandi.
Jasur Tursunov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni yetakchi inspektori.