MIB: Jo‘yisoydagi noqonuniy binoni buzish masalasida 4 marta ogohlantirish, ikki marta jarima qo‘llanilgan, ijro harakati davom etmoqda
Avvalroq saytimizda qurilish vazirligi ma’lumotlariga asoslanib, “O‘tgan yili buzilishi kerak bo‘lgan bino buzilmasdan qahvaxona qilindi” sarlavhali xabar berilgandi. Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.
“Aniqlanishicha, Majburiy ijro byurosi Samarqand tuman bo‘limi ish yurituviga fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining 2022 yil 6 iyundagi sud hujjatiga asosan F.X. tomonidan Samarqand tumani “Jo‘yisoy” MFY hududidagi o‘ziga tegishli bo‘lgan uy-joyda o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qurilgan 12 qavatli bino (mehmonxona)ni javobgar hisobidan buzdirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.
Bo‘lim tomonidan 2022 yil 31 avgustda ijro ishi qo‘zg‘atilib, qaror nusxasi tomonlarga yuborilgan. Qarzdorga ijro hujjatining ijrosini ixtiyoriy ravishda ta’minlashi uchun tegishli tartibda muddat berilgan.
Mazkur ijro hujjati bo‘yicha qarzdor F.X.ga 2022, 2023 yillarda jami to‘rt marta ogohlantirish xatlari berilgan. Ijro hujjatida ko‘rsatilgan talablar bajarilmaganligi sababli qarzdorga nisbatan davlat ijrochisining 2023 yildagi qaroriga ko‘ra 1 800 000 so‘m ma’muriy jarima jazosi qo‘llanilgan va jarima summasi qarzdordan undirib olingan.
Ushbu ijro hujjatining majburiy ijrosi 2023 yil 6 martda tayinlangan bo‘lib, ijro hujjatida ko‘rsatilgan Samarqand tumani “Jo‘yisoy” mahallasiga borilib, ijro harakatlarini amalga oshirish imkoni bo‘lmaganligi sababli qarzdorga nisbatan ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rish uchun ish materiallari jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudiga yuborilgan. Qarzdor F.X.ga nisbatan 2023 yil mart oyida 2.100.000 so‘m ikkinchi ma’muriy jarima jazosi qo‘llanilgan.
Shuningdek, byuroning Samarqand tuman davlat ijrochisi tomonidan joriy yil 12 may kuni ijro hujjatida ko‘rsatilgan manzilga borilib, holat ko‘zdan kechirilgan. Bino-inshoot qarzdor tomonidan buzilmaganligi to‘g‘risida tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib ogohlantirish xati berilganligi va kelgusida ushbu bino-inshoot qarzdor tomonidan buzilmagan taqdirda tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi to‘g‘risida rasman ogohlantirilgan.
Kelgusida ushbu bino-inshootni buzish bo‘yicha majburiy ijro harakatlari davomida maxsus texnikalar, jumladan, 2 ta “XMJ” (150 tn) krani, 1 ta “ZooLoom” avtokrani hamda favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maxsus ishchi guruhlari hamda baland binoda ishlash uchun mutaxassislar jalb etilishi zarur bo‘lishi ma’lum qilinadi”, deyiladi byuroning Samarqand viloyat boshqarmasi xabarida.