Bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlaridan qachon samarali foydalanamiz?
Samarqand shahridagi yoshlar markazida viloyatdagi bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlaridan foydalanish va ularni tasarruf etish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Uni Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov olib bordi.
Muhokamada viloyat hokimining o‘rinbosarlari, sohaga aloqador korxona-tashkilot rahbarlari hamda 300 nafarga yaqin mulkdorlar ishtirok etdi.
Dastlab ilgari xususiylashtirilgan korxonalarning bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlari faoliyatini tiklash, bunday ob’yektlar egalari - tadbirkorlar bilan birgalikda loyihalarni, yo‘l xaritalarini ishlab chiqish, ularning bajarilishini monitoring qilish, mazkur ob’yektlarni ishga tushirish chorasini ko‘rmagan mulkdorlarga nisbatan ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash holatlariga to‘xtalib o‘tildi.
Tegishli qarorlar asosida davlat mulki ob’yektlarini “nol” xarid qiymatida sotish, oldi-sotdi shartnomalariga asosan investitsiya majburiyatlari bajarilishi ustidan olib borilayotgan monitoring, shuningdek, davlat mulki bo‘lgan binolarni ijaraga berish borasida amalga oshirilgan ishlar natijalari haqida gapirildi.
Muhokama yakunida Samarqand shahri hududida mazkur masala yuzasidan 4 ta ishchi guruh o‘rganish olib borishi, guruh a’zolari mulkdorlarga ob’yektlarni ishga tushirish chorasini ko‘rishiga ko‘maklashishi belgilandi.
Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.