Poytaxtda 50 qavatli egizak osmono‘par binolar quriladi
2020 yilda Toshkent shahrining Bektemir, Sergeli, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan obodonlashtirish ishlari va istiqbolli loyihalar taqdimotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Yig‘ilishda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosarlari, Toshkent shahar bosh arxitektori, Toshkent shahar kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi, mas’ul bosh boshqarmalar mutasaddilari, Bektemir va Yakkasaroy tumani hokimlari va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Anjuman ishtirokchilari 2020 yilda Toshkent shahrida issiqlik tizimini tartibga solish, mavjud muammolarni bartaraf etish haqida axborot hamda boshqa loyihalar bilan tanishdilar. Farg‘ona yo‘li, Ahmad Donish va Yangi Sergeli ko‘chalarini kapital ta’mirlash, Sergeli tumani kichik sanoat zonasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan "Sergeli industrial park” loyihaviy taklifi shular jumlasidandir. Yakkasaroy KSZ hududida joylashgan korxonalar quyidagi shartlarda ko‘chiriladi: ularga bepul asosda yer maydoni xususiy mulk huquqi bilan beriladi yoki mablag‘lari yetarli bo‘lmasa, ularga kerakli inshootlar qurilib, 7 yilgacha muddatli, foizsiz to‘lov asosida taqdim etiladi.
Yakkasaroy kichik sanoat hududining o‘rnida esa ikkita 50 qavatli osmono‘par bino va ishbilarmonlar markazi quriladi.
Shuningdek, Chirchiq daryosining Toshkent shahri hududidan oqib o‘tuvchi qismini tozalash va sohillarini obodonlashtirishga oid loyiha taqdim etildi. Mazkur loyihaning qiymati 100 million AQSh dollarini tashkil etib, hududning obodonlashtirilishi natijasida bo‘shaydigan yer maydonining 245 gektarida Texnopark hamda 320 gektarida zamonaviy bozorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar natijasida 160 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.