Bo‘sh turgan ob’yektlar va foydalanilmayotgan maydonlar hokimlik zaxirasiga qaytarib olinadi(mi?)

Bugungi kunda davlatga va davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalarga tegishli, shuningdek, sobiq jamoa va shirkat xo‘jaliklarini tugatish davrida sotib olingan ko‘plab faoliyat ko‘rsatmayotgan, samarasiz foydalanilayotgan binolar, qurilishi tugallanmagan ob’yektlar saqlanib qolmoqda.

Bunday ob’yektlar bilan ishlashda yondashuv va ish uslubining tubdan o‘zgartirilishi faoliyat ko‘rsatmayotgan, kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash, yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini berdi.

Viloyat hokimligi tomonidan taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra, ular belgilangan tartibda inventarizatsiyadan o‘tkazilib, binolar va noturarjoy xonalari umumiy maydonining 50 foizdan ko‘prog‘i (bir bino yoki noturarjoy xonasi konturi doirasida) tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatishda foydalanilmay kelingan bo‘lsa, bo‘sh turgan ob’yektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari sifatida e’tirof etilmoqda.

Shuningdek, qurilishi loyiha-smeta hujjatida belgilangan normativ muddatlarda tugallanmagan, qurilishning belgilangan normativ muddati mavjud bo‘lmagan taqdirda qurilish boshlangan sanadan boshlab, 24 oy mobaynida qurib bitkazilmagan hollarda ko‘chmas mulk ob’yektlari qurilishi tugallanmagan ob’yektlar hisoblanadi.

Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida viloyatda 138 ta holatda bo‘sh turgan ob’yektlarga nisbatan sudlarga da’vo arizalari kiritilgan. Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 42 ta, iqtisodiy sudga 50 ta, ma’muriy sudlarga 46 ta da’vo arizalari kiritilgan. Shundan 76 holatda bo‘sh turgan yer maydonlari va egasiz ob’yektlarni hokimlik zaxirasiga olish choralari ko‘rilmoqda.

Sudlarga kiritilgan da’vo arizalarining 46 tasida xususiylashtirishda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan va investitsiya majburiyatlari bajarilmaganligiga huquqiy baho berish so‘ralgan. Shuningdek, hokimliklar tomonidan 16 holatda eng kam ish haqining 100 baravaridan ortiq soliq qarzdorligini so‘ndirish hisobiga undiruvni ob’yektlarga qaratish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.