O‘tgan yili buzilishi kerak bo‘lgan bino buzilmasdan qahvaxona qilindi
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda o‘tgan yili noqonuniy qurilgan deb topilgan 11 qavatli binoning 1-qavatida noqonuniy qahvaxona tashkil qilingani haqida xabar tarqaldi.
Holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi.
O‘rganishlar davomida chindan ham binoning 1-qavatida noqonuniy ravishda qahvaxona faoliyat yuritayotganligi aniqlandi.
Ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan bu bino bo‘yicha 2022 yilning 6 iyul kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudi tomonidan F.Xalilovga Samarqand tumani “Jo‘yisoy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi o‘ziga tegishli bo‘lgan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qurilgan 12 qavatli bino-inshoot (mehmonxona)ni o‘z hisobidan buzishi to‘g‘risida hal qiluv qarori mavjud.
Bugungi kunda mazkur sud qarorining ijrosi MIBning Samarqand tumani bo‘limi ish yurituvida.
Shuningdek, Samarqand tumani qurilish bo‘limi tomonidan 2023 yilning 15 may kuni 414-sonli xat bilan MIB Samarqand tumani bo‘limiga sud qarorining ijrosini ta’minlash bo‘yicha xat yo‘llangan.