«Non uchun» kompensatsiya: Kimga va qancha?

Moliya vazirligi Pensiya jamg‘armasining un va qolipli non olish uchun kompensatsiya berilishi to‘g‘risidagi tushuntirishini e’lon qildi, deb xabar bermoqda norma.uz.

Vazirlar Mahkamasining «Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori (2019 yil 14 oktyabrdagi 866-son) bilan un narxining davlat tomonidan tartibga solinishi bekor qilindi.

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab kam ta’minlangan oilalarga un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha xarajatlarni qoplash uchun to‘lanayotgan pul kompensatsiyasi miqdori oshirildi: ilgari BHMning 10 % (22 300 so‘m) belgilangan edi. 2019 yil 1 oktyabrdan oyiga 50 000 so‘m to‘lanadi. Kompensatsiya oluvchilar toifasi soni 9 dan 11 gacha oshirildi. Shu tufayli 1 oktyabrdan kompensatsiya oluvchilarning umumiy soni 18,5 %ga – 2 million kishigacha (oila) oshdi.

To‘lov summalari oshganligini hisobga olgan holda Moliya vazirligi oktyabrdan dekabrgacha bo‘lgan davrda (dekabr ham hisobga kiritiladi) kompensatsiya oluvchilar uchun 189 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini ta’minladi (125 milliard – Pensiya jamg‘armasi liniyasi bo‘yicha retsipiyentlar va 64 milliard – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali). Umuman olganda, 2019 yilda kompensatsiya to‘lovlari uchun Davlat byudjetidan 604 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Kompensatsiya to‘lovlari yuzasidan nazorat quyidagi tartibda amalga oshiriladi. Pensiya jamg‘armasida pensiya va nafaqa oluvchilarning yagona axborot bazasi ishlab turibdi. Unda kompensatsiya olishga haqli bo‘lganlarga avtomatik tarzda to‘lov tayinlanadi. Har oyning 3-sanasigacha dasturiy majmua yordamida qaydnomalar shakllantiriladi hamda «Xalq banki» AK va tijorat banklarining tegishli filiallariga elektron shaklda yuboriladi.

To‘lovni plastik kartochkaga oladiganlarga mablag‘lar har oyning boshida ularning hisobraqamlariga avtomatik ravishda hisoblab o‘tkaziladi. Naqd shakldagi kompensatsiyalar «Xalq banki» AKning ko‘chma kassalari tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari binolarida pensiya to‘lovi bilan bir vaqtda to‘lanadi.