Hokimlik fuqaroga 613 million 646 ming so‘m kompensatsiya to‘laydi

Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Toshkent shahrida yashovchi fuqaro X.B.ning murojaati o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, Past Darg‘om tumani hokimining 2018 yil 7 martdagi 978-Q-sonli qaroriga asosan fuqaro X.B.ga tumanning Juma shahar Furqat mahallasi hududidan tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 0,44 gektar yer maydoni ajratilgan.

Ammo Past Darg‘om tumani hokimining 2021 yil 23 iyundagi 908-Q-sonli qarori bilan tuman hokimining qayd etilgan qaroriga o‘zgartirish kiritilib, fuqaroga ajratilgan 0,44 gektar yer maydonining 0,24 gektar qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumani sudining 2022 yil 13 maydagi hal qiluv qarori bilan fuqaroga kompensatsiya sifatida Juma shahri hududidan 0,24 gektar yer maydoni ajratish belgilangan. Biroq tuman hokimligi tomonidan hal qiluv qarorida belgilangan yer maydoni fuqaroga ajratib berilmagan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 41-bandiga ko‘ra, olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlarining bozor qiymati, olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish munosabati bilan kompensatsiya qilib beriladi.

Shuningdek, ushbu Nizomning 42-bandida beriladigan kompensatsiya pul mablag‘lari va boshqa ko‘chmas mulk ob’yektini mulk qilib berish orqali qoplanishi belgilangan.

Fuqaroning Past Darg‘om tumani hokimligiga qilgan murojaatiga tuman hokimligi Prezidentning 2021 yil 8 iyuldagi PF-6243-sonli Farmoniga asosan, tuman hokimligidan yer maydoni ajratish vakolati olinganligi sababli yer maydoni ajratish imkoni yo‘qligi hamda sudning hal qiluv qarorida belgilangan 0,24 gektar yer maydonining o‘rniga bozor qiymatida pul mablag‘lari to‘lab berishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Viloyat adliya boshqarmasi fuqaroning manfaatlarini ko‘zlab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumani sudiga da’vo arizasi kiritdi. Sud Fuqarolik protsessual kodeksining 249-253-moddalarini qo‘llab, Juma shahri hududidagi 0,24 gektar yer maydoni o‘rniga fuqaro X.B. foydasiga 613 million 646 ming so‘m miqdorida kompensatsiya puli undirish haqida qaror qabul qildi.