Adliya: sud 2012 yilda snosga tushgan uy uchun 400 million so‘m kompensatsiya undirish haqida qaror qabul qildi

Samarqand shahrida yashovchi I.M.ga tegishli uy davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilib, buzilishga tushgan va olib qo‘yilgan yer uchastkasi uchun kompensatsiya to‘lab berilmagan.

Viloyat adliya boshqarmasi fuqaroning murojaatini o‘rganib chiqib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo arizasi kiritdi.

Aniqlanishicha, kompensatsiyaning bir qismi sifatida Samarqand shahar hokimining qarori bilan fuqaro I.M.ga “R.Hamroyev” jamoa xo‘jaligi hududidan 600 kv. metr, o‘g‘li R.M.ga Samarqand arxitektura-qurilish institutiga yondosh yerlardan 400 kv.metr yer maydoni ajratilishi belgilangan bo‘sa-da, yer uchastkalari ajratib berilmagan, shuningdek mutanosib shaklda yer uchastkasiga bo‘lgan huquq narxi ham to‘lanmagan.

Sud majlisida I.M. 2012 yilda buzilishga tushgan uy-joyi o‘rniga shahar hokimligi boshqa uy-joy olishi uchun 173 mln. so‘m ajratib bergan pul mablag‘iga uy olib, ko‘chib chiqqanini ta’kidlar ekan, Samarqand shahar hokimining 2012 yil 13 oktyabrdagi tegishli qarori ijrosi bo‘yicha Samarqand shahar ma’muriy sudiga bergan da’vo arizasi ham qanoatlantirilganini ma’lum qildi. Biroq sud tomonidan hokimlikning harakatlari qonunga xilof deb topilgan bo‘lishiga qaramay, qaror ijrosi bu holatda ham e’tiborsiz qoldirilganini ta’kidladi.

Sudda ishtirok etgan hokimlik ishonchli vakili B.K. da’voni tan olmay, fuqaroga tovon tariqasida pul kompensatsiya va ikkita yer uchastkasi ajratib berish belgilangani, ammo nima sababdan ajratib berilmasdan   qolib ketganidan xabari yo‘qligini, bugungi kunda hokimlikda yer uchastkasi ajratib berish vakolati yo‘qligini ma’lum qildi. Xususan, kompensatsiya ajratib berish qarorda nazarda tutilmagani, faqat yer maydoni ajratish belgilanganligini inobatga olib da’voni rad qilishni so‘radi.

Sud, Samarqand   shahar   hokimligi   hisobidan   fuqaro I.M. foydasiga ajratib berilmagan yer uchastkasi uchun 113 753 000 so‘m va R.M. foydasiga  ajratib   berilmagan   yer   uchastkasi  uchun 302 719 000 so‘m miqdorida pul kompensatsiya undirish haqida qaror qabul qildi, deya xabar bermoqda adliya boshqarmasi.