Kelgusida buzilishga tushadigan davlat ob’yektlaridan chiqadigan yaroqli qurilish materiallari ko‘mak sifatida beriladi
Normurod Yunusov tomonidan tahririyatimizga yo‘llangan murojaatni o‘rganib, qonun doirasida javob berishini so‘rab Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari R.Olimov nomiga xat jo‘natganimizni aytgandik . Harholda oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tib R.Olimovdan javob xati keldi.
Javobni o‘qib, o‘zingiz xulosa chiqaring:
“Samarqand shahar, Xishrav qo‘rg‘oni “Chilquduq” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro N.Yunusovning uy-joyini ta’mirlashda ko‘maklashish haqida yozgan murojaati mutaxassislar tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida Samarqand shahar hokimligi tomonidan ariza muallifiga tegishli bo‘lgan uy-joyda qo‘shima qurish va ta’mirlash ishlarini olib borish uchun ichki imkoniyatlardan kelib chiqishi lozimligi tushuntirildi. Shu bilan birga, bugungi kunda Samarqand shahar hokimligi balansida qurilish materiallari zaxirasi yo‘qligini bildiramiz.
Samarqand shahar hokimligida uy-joyini ta’mirlashda ko‘maklashishni so‘rab juda ko‘p murojaatlar mavjud. Shuni inobatga olib, kelgusida buzilishga tushadigan davlat ob’yektlari, yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan buzilish rejalashtirilgan binolardan chiqadigan yaroqli qurilish materiallari ariza muallifining uy-joyi uchun belgilangan tartibda ajratiladi.
Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari R.Olimov”.