Samarqand shahar hokimligidan “snos” qilingan uy uchun salkam yarim milliard so‘m kompensatsiya undirildi
Bu ish fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2020 yil 24 dekabrdagi qaroriga asosan amalga oshirildi.
Qarorda Samarqand shahar hokimligidan buzilishga tushgan qahvaxona binosining qurilishiga ketgan sarf-xarajatlar uchun fuqaro R.E. foydasiga 468 million 794 ming so‘m kompensatsiya undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yuritilgan.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasiga ko‘ra qarzdorga ijro hujjatining ijrosini ixtiyoriy ravishda ta’minlash uchun muddat berilgan.
Shuningdek, qonunning 71-moddasiga asosan davlat ijrochisi tomonidan Samarqand shahar hokimligiga kompensatsiya pulini to‘lab berish majburiyat yuklatilgan va byuroning shahar bo‘limi tomonidan hujjat ijrosini ta’minlash bo‘yicha hokimlikka eslatma xat yuborilgan.
Natijada Samarqand shahar hokimligidan 468 million 794 ming so‘m kompensatsiya pullari to‘liq undirilib, R.E.ning plastik kartasiga o‘tkazib berilgan.
Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi.