Nonning “real” narxi qancha? Uni nazorat qilib bo‘ladimi?

Oqdaryo tumani hokimligi tomonidan “Bozordagi narx-navo barqarorligi doimiy nazoratda” sarlavhali xabar e’lon qilingach, izohlarda qator qarshi fikrlar bildirildi. Mazkur xabarda tumandagi yarmarkada qolipli non 2000 so‘mdan sotilayotgani aytib o‘tilgan. O‘quvchilar esa bu xabarga keskin e’tiroz bildirib, “bozordagi narxlarni bilamiz-ku”, deb fikr qoldirishgan.

“Bozordagi narx-navo barqarorligi doimiy nazoratda”, degan gapning o‘zi bozor iqtisodiyoti qoidalariga zid ekani hammaga ma’lum. Narx-navoning o‘zi emas, unga ta’sir etuvchi omillar nazoratda bo‘lsa, bozorda narx nazoratsiz ham tushaveradi. 

Umuman, gap Oqdaryo yoki yarmarkada ham emas. Un va bug‘doyning erkin birja savdolariga qo‘yilishidan oldin narxlar keskin oshishi mumkinligi tahlilchilar tomonidan aytilgandi ham.

O‘tgan hafta esa tegishli idoralar qolipli nonning 2800 so‘mdan sotilishini tavsiyaviy tarzda (majburiy emas) ma’lum qilgandi. Chunki tadbirkor unni birjadan erkin sotib olar ekan, non narxini ham erkin qo‘yadi.

Ammo deyarli ikki baravar oshgan narx aholi uchun og‘irlik qilishi ham tayin. Shu maqsadda keyingi kunlarda birjaga qo‘yiladigan un miqdori oshirildi. Bu qat’iy nazoratdan ko‘ra  samaraliroq, albatta.

Xususan, 1 iyun kuni “O‘zdonmahsulot” AJ tarkibidagi 44 ta korxona tomonidan 10 ming tonna un birja savdolariga qo‘yildi.

O‘tkazilgan savdolar bo‘yicha 1-navli unning o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4 497,8 ming so‘mni tashkil qilgandi.

Shundan so‘ng mustaqil tahlilchilar qolipli non ishlab chiqarish qiymati o‘rtacha 2550 so‘mga tushayotganini aytishdi. Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, yuqoridagi 2550 so‘mlik qiymatning ichida taxminan:

un 1641 so‘m;

4 so‘mlik tuz;

18 so‘mlik o‘simlik yog‘i;

38 so‘mlik achitqi;

37 so‘m un tashish.

Qolipli nonning tan narxi shunday bo‘lgach, gaz, elektr sarfi, ishchilarga to‘lanadigan mehnat haqi, nonni savdo do‘koniga yetkazib berish xarajatlari, soliqlardan kelib chiqib, u bozor va do‘konlarda 2550 so‘mdan qimmatga sotilishi tayin.

Demak, yagona yechim shu — birjada un mahsulotini yana ham ko‘paytirish. Chunki birja platformalarida sotuv hajmi paydo bo‘lishi bilan ulgurji un sotuvchilarda ham un taklifi keskin ko‘paygan.

Nima bo‘lganda ham, ayni vaqtdagi erkin narxlardan iste’molchi rozi emas va tez orada (hozirda g‘alla o‘rim-yig‘imi boshlangan) bozorda g‘alla taklifi, uning ortidan un taklifi yana ko‘payishidan va narxlar tushishidan umid qilamiz. 

Kecha Samarqandda nonning qanchadan sotilayotganini bilish maqsadida do‘konlarga kirdik. Samarqand shahridagi eng yirik savdo do‘konlaridan biri – Korzinka.uz’da qolipli non narxi 2990 so‘m deb yozib qo‘yilgan. Xullas, ikkita “buxanka”ni 6000 so‘mga sotib oldik. “Savatcha” do‘konida ham qolipli non narxi 3000 so‘mga yaqin. Boshqa kichik do‘konlarda ham xuddi shunday — 3000 so‘m.

Istisnolar ham bor: Masalan, Samarqand shahridagi farovon.uz savdo majmuasida qolipli non 1500 so‘mdan sotilmoqda. Xuddi shunday, “Halal-market.uz” savdo do‘konlari tarmog‘ida ham non narxi - 1500 so‘m. Savdo majmuasi mas’­ullarining ma’lum qilishicha, qolipli nonning tan narxi ulargacha 2300-2400 so‘mdan tushmoqda. Savdo xodimlaridan biri nonning erkin bozorda oshib ketishi vaqtincha ekani, ammo bu davrda iste’molchilar bilan yakdillikni saqlash maqsadida non narxi zarariga bo‘lsa ham arzon ushlab turilganini aytdi. 

Shuningdek, Samarqand shahrining eng gavjum bozorlaridan sanalgan “Siyob dehqon bozori”ga bordik.

- Uch kun avval ertalab onam “Qizim, ishdan qaytishingda ikkita Samarqand nonidan olib kel”, deb 12 ming so‘m bergandi, - deydi o‘zini Hilola deb tanishtirgan xaridor. - Xo‘p, deb soat 18:30 larda “Siyob bozori”dagi non rastalariga bordim. Doim oladigan, taxminan 650-700 gramm tosh bosadigan nonning donasi shu paytgacha 6000 so‘m edi. O‘sha kundan donasi 7500 so‘m bo‘libdi.

Rastalarni aylanib, nonning narxini so‘rab chiqdik. Haqiqatan ham bozorda Samarqand noni narxi sezilarli oshgan. Buni sotuvchilar bir qop unning narxi 31 maygacha 320 ming so‘m bo‘lgani holda, hozir 350 ming so‘m ekani bilan izohlashdi.

Bu yerda oddiy tandir nonlar ham sotiladi. Pastdarg‘omlik sotuvchi mahalliy un (“Oqtoshdon”, “Juma elevatori”, “Samarqanddon” korxonalarida ishlab chiqarilgan)dan tayyorlangan bitta nonni 4000 so‘mdan sotyapti. Og‘irligi 450-500 gramm chiqadi. “Bir oy avval shu nonlarni 3500 so‘mdan sotardik, olayotgan unimizning bir qopi 20-30 ming so‘mga oshdi”, deydi u.

Chapchak non sotadigan novvoylar bilan ham gaplashdik.

- Bu nonni sifatli undan tayyorlamasangiz, xaridorbop bo‘lmaydi, - deydi o‘zini Hasan deb tanishtirgan sotuvchi. – Akam bozorga yaqin novvoyxonada pishiradi, men sotaman, ba’zida o‘zim ham yordamlashaman. “Mo‘’tabar” navli birinchi nav undan non qilamiz. Bu unning qopi may oyida 350 ming so‘mdan 400 ming so‘mga oshib ketdi. Shuning uchun shu paytgacha 3,5 mingdan sotayotgan nonni 4 ming so‘mdan beryapmiz. Bundan arzonlashtirsak, xarajatimizni qoplay olmaymiz.

Xullas, non narxi haqiqatan ham oshgan, buni hamma bilib, his qilib turibdi. “Narxlar barqaror”, “Barchasi nazoratda”, degan bayonotlar kerak emas. Erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tish, sog‘lom raqobat yo‘lini tanlash, afsuski, ozmi-ko‘pmi, narxlar tebranishiga chidashni talab etadi.

Anvar MUSTAFOQULOV.