Aholiga tarqatilgan un talabga javob bermasligi, tandirga yopilgan nonlar oqib ketayotgani aniqlandi

Ma’lumki, pandemiya sababli unning barcha hududlarga bir maromda yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida hukumat tomonidan birja savdolarisiz, mahsulotning to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bilan sotilishi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, hukumat topshirig‘iga asosan «O‘zdonmahsulot» korxonalarida ishlab chiqarilgan un mahsuloti uchun belgilangan narx soliq va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qat’iy nazoratga olingan. Ammo un sifatiga bo‘lgan e’tibor ham shu darajadami?

Yaqinda Chust tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Kamoliddin Rafiqov tomonidan «aholiga tarqatilgan un sifatsiz ekan, tandirga yopilgan nonlar oqib ketyapti» qabilidagi videoxabar ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ushbu vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi xodimlari tegishli joyga borishdi.

Xabarda bayon etilishicha, fuqaro Rafiqov «Sultonmarketsavdo» tomonidan tarqatilgan «Popdonmahsulot»ning 25 kilogramm unidan xarid qilgan. Ammo pishirilayotgan nonlar tandirdan oqib ketganligidan so‘ng unning sifatsiz ekanligini tushungan. Federatsiya xodimlari tomonidan unning sifatini aniqlash maqsadida laboratoriya nazoratiga yuborildi.

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, unning sanitar epidemiologik holati natijasi iste’molga yaroqli ekanligi, ammo O‘zstandart talablariga to‘laligicha javob bermasligi aniqlandi. Ya’ni, unning xom yelimlilik foizi yuqori, deb ma’lum qildi O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati.