Nurobodda AQSh, Xitoy kompaniyalari hamkorligida “Kino shahar” quriladi
Prezidentimizning “Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Yalangto‘sh Bahodir haqida film suratga olish borasida O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi hamda viloyat hokimligi bilan memorandum imzolangan edi. Bugungi kunda rejissyor Jahongir Ahmedov hamda tarixchi olimlar hamkorligida ma’lumotlarni to‘plash ishlari boshlab yuborildi. Shu maqsadda bir necha marotaba ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
Shuningdek, alloma Imom Buxoriy, paxtachilik Ikkinchi jahon urushi qahramoni Qudrat Suyunov haqida film suratga olinmoqda. Rossiya kinoijodkorlari tomonidan “Quyosh ta’mi” filmi, AQShning “GlobaI DigitaI Heritage” kompaniyasi tomonidan Samarqanddagi tarixiy binolarning suratga olinishi, albatta, xalqaro hamkorlik zarur ekanligini ko‘rsatadi. Toshent xalqaro kinofestivalining o‘tkazilishi esa xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi hamda kino sohasi rivojida xalqaro hamkorlikning o‘sishiga olib keladi.
Shu bilan birga, viloyatdagi kinozallarning moddiy-texnik bazasi yaxshilanmoqda. Eskirib, yaroqsiz ahvolga kelib qolgan binolar qayta qurilmoqda yoki ta’mirlanmoqda. Jumladan, Samarqand shahridagi Amir Temur ko‘chasida, 300 o‘rinli 3 ta kinozal va Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasida 300 o‘rinli 3 ta kinozal qurilishi hamda Sug‘diyona massivida “Family Park” savdo ko‘ngil ochar majmuasida 430 o‘rinli 4 ta zal qurilib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Samarqand shahridagi “Sharq yulduzi” kinoteatri kapital ta’mirlanib, Qorasuv massivida ikki qavatli zamonaviy kinoteatr qurilmoqda. “Vendo group” kompaniyasi tomonidan Nurobod tumanida 160 gektar maydonda AQShning “Daha USA Group” va Xitoyning “Yiwu Compass Tradinq” kompaniyalari bilan hamkorlikda barcha qulayliklarga ega bo‘lgan “Kino shahar” qurilishi ham rejalashtirilgan.