Kino – meros saqlovchi vosita
“Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” VIII xalqaro kongressi doirasidagi o‘tkazilayotgan madaniy merosni saqlashda kino va medianing o‘rniga bag‘ishlangan TURKSOY xalqaro forumi bugun “Kino – meros saqlovchi sifatida: madaniy loyihalar va tashabbuslar taqdimoti” bilan o‘z ishini davom ettirdi.
Dastlab ishtirokchilar uchun Islom sivilizatsiyasi markazi multimedia bloki uchun tayyorlangan “Arab tili evolyusiyasi”, “Masjid”, “Sehrli ko‘za”, “Baqtriya tarixi”, “Klavixo”, “Xudoybergan Devonov va nemis mennonitlari”, “Muxtor Avezov” videoroliklar turkumi loyihalari, shuningdek “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumiga oid hujjatli filmlar taqdimotlari o‘tkazildi.
Kunning ikkinchi yarmida turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda OAVning o‘rni, uning madaniy merosga ta’siri, turizm va milliy brendingni rivojlantirish, turkiy dunyo mamlakatlari kino va OAV uchun yagona platforma yaratish masalalari muhokama qilinadi.
Forum yakunlari bo‘yicha turkiy dunyo davlatlarining yagona kino-media platformasini yaratish to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi ko‘zda tutilgan.