Turkiy davlatlar tashkiloti Investitsiya jamg‘armasi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochib beradi
Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammitida turkiy davlatlarning o‘zaro aloqalarida sarmoyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarish maqsadida Investitsiya jamg‘armasi ta’sis etilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan, tashkilotga a’zo davlatlarning iqtisodiyot va savdo vazirlari tegishli bitimni imzoladilar.
Jamg‘arma savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga zamin yaratadi va o‘zaro investitsiyaviy hamkorlikka yangicha tus beradi. Ayni paytda, «Savdoga ko‘maklashish strategiyasi»ning qabul qilinishi tashkilot mamlakatlarida savdodagi miqdoriy cheklovlar hamda notarif choralarni bartaraf etilishiga sharoit yaratib beradi. Chunki savdo-iqtisodiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlash turkiy davlatlar hamkorligining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu borada transport yo‘laklari, bojxona-chegara o‘tkazish punktlari va logistika markazlarining uzluksiz faoliyatini ta’minlashda a’zo va kuzatuvchi davlatlarning birdamligi va mavjud sharoitlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishilishi o‘zaro savdo erkinligi, iqtisodiy munosabatlarda liberallikni ta’minlanishi, savdodagi nomuvofiqliklarning bartaraf etilishiga ko‘maklashadi hamda bojxona xizmatlari va ta’riflar tizimini muvofiqlashtirish imkonini beradi.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasi doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va xavfsizlik sohalarini rivojlantirishni qamrab olgan mazkur hujjatning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Investitsiya jamg‘armasini tashkil etilishi turkiy davlatlar hamkorligining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Birinchidan, tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishning eng samarali yo‘llarini aniqlash, investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari belgilash.
Ikkinchidan, iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish va manfaatlar uyg‘unligi bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishning eng samarali yo‘llarini aniqlash, jumladan, savdo, sarmoya, transport sohasidagi tashabbuslarni amalga oshirish va ko‘p tomonlama munosabatlarning boshqa mexanizmlarini qo‘llash.
Uchinchidan, ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlar barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlarini belgilash, jumladan, transport yo‘laklari, bojxona va chegara o‘tkazish punktlari va logistika markazlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha yagona yondashuvini amaliyotga joriy etish.
To‘rtinchidan, iqtisodiyotga innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma rejalar, yagona elektron platformani ishga tushirish, jumladan, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va hududlarni rivojlantirishda raqamlashtirish va elektron hukumat tizimini joriy etish darajasini o‘rganish va baholash bo‘yicha investitsiyalarni muvofiqlashtirish mumkin bo‘ladi.
TDT iqtisodiyot va savdo vazirlari 11-yig‘ilishi doirasida kelishib olingan «Turkiy davlatlar savdo hamkorligi ilmiy-tadqiqot markazi» va «Muhandislik va texnologiyalar markazi»ni tashkil etish turkiy davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni yanada mustahkamlashni ta’minlaydigan rasmiy hujjat qabul qilinishi manfaatli tashabbuslarni amalga oshirish muhimligi belgilab beradi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda investorlar uchun qulay muhit yaratilgan, ya’ni investorlar huquqlari qonun bilan himoyalanishi bo‘yicha amaliy tizim ishlab turibdi. Natijada 2017 yildan boshlab (3,3 mlrd. dollar) to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 barobarga oshdi (8,6 mlrd. dollar). Masalan, 8 mingtadan ortiq tovar turlariga import bojlari kamaytirilib, biznesga oid har xil turdagi 70 ta litsenziya va 34 ta ruxsatnomalar berilishi bekor qilindi.
Investitsiya jamg‘armasi doirasida qulay investitsion muhitni barpo etish, zaruriy normativ-huquqiy bazani takomillashtirish investitsion hamkorlikning yangi imkoniyatlarini yuzaga chiqaradi.
Rustam Hasanov,
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.