Turkiy davlatlar tashkiloti: Qanday shakllangan? Qanday rivojlanyapti?
2022 yil 10-11 noyabr kunlari Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tadi.
Ushbu tashkilot 2009 yil 3 oktyabrda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimiga muvofiq tashkil etilgan.
Turkiy davlatlar hamkorligi tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, Turkiy davlatlar tashkilotining shakllanish va rivojlanish jarayonini, shartli ravishda uch bosqichga bo‘lish mumkin. Shakllanishning birinchi bosqichi SSSR qulashi va 1992 yilda Anqarada bo‘lib o‘tgan turkiy tilli davlatlar rahbarlarining Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston prezidentlari ishtirok etgan sammitidan so‘ng boshlandi.
Keyinchalik prezidentlarning bunday uchrashuvlari 1994, 2001 va 2010 yillarda Istanbul, 1995 yilda Bishkek, 1996 yilda Toshkent, 1998 yilda Ostona, 2000 yilda Boku, 2006 yilda Antaliya shaharlarida bo‘lib o‘tdi.
Ikkinchi bosqich hamkorlik mexanizmining huquqiy asoslarini rasmiylashtirish jarayoni bilan bog‘liq bo‘ldi. 2009 yilda Naxchivonda turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi tashkil etildi. Keyingi yillarda tarmoqlararo hamkorlikni institutsiyaviylashtirish, turkiy akademiya, turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi kabi sheriklik platformalarini yaratish jarayoni bo‘lib o‘tdi. Bu bosqich O‘zbekistonning to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishi tufayli uning kengayishi bilan yakunlandi.
2021 yil noyabr oyida Istanbulda tarixiy sammitning o‘tkazilishi bilan "turkiy oila" uchun uchinchi bosqich boshlandi. A’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar yaqin va har tomonlama hamkorlikning yangi davriga kirdi. Sammit davomida turkiy davlatlar prezidentlari turkiy Kengash nomini turkiy davlatlar tashkiloti deb o‘zgartirishga qaror qildilar. Bu uning haqiqiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga, ahamiyatini oshirishga va xalqaro hamjamiyatdagi rolini mustahkamlashga xizmat qiladi. Tashkilotning raisligi Ozarbayjondan Turkiyaga o‘tdi.
Alohida e’tirof etish o‘rinliki, 2018 yil 3 sentyabrda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Cho‘lpon-Ota shahrida o‘tkazilgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtiroki bu boradagi tarixiy qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston ushbu tashkilotga 2019 yilning oktyabr oyida a’zo bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida “Mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘zaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va ta’lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik faol rivojlanmoqda” deb alohida ta’kidladi.
Hozirda ushbu tuzilmaga Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, O‘zbekiston a’zodir. Vengriya kuzatuvchi maqomida ishtirok etsa, Turkmaniston betaraf davlat sifatida doimiy mehmon sifatida taklif etilgan.
Ta’kidlash joizki, boshqa mintaqaviy tashkilotlardan farqli o‘laroq, kuzatuvchilar Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatida ishtirok etish uchun kengroq vakolatlarga ega. Ular ekspert yig‘ilishlaridan tortib, davlat rahbarlarining sammitlariga qadar o‘zaro hamkorlikning deyarli barcha formatlarida ishtirok etadi. Faqat muhim farq shundaki, kuzatuvchi tashkilotning qaror qabul qilishida, ya’ni ovoz berishda qatnashmaydi.
Rivojlanish jarayoni. Tashkilotning so‘nggi sammiti 2021 yilning 13 noyabr kuni Turkiyaning Istanbul sammitida tashkilot nomi Turkiy davlatlar tashkiloti, deya qayta nomlandi. 2021 yilda o‘tgan sammitda davlat rahbarlari 10 dan ortiq hujjat – sammitning yakuniy deklaratsiyasi, “Turkiy dunyo nigohi – 2040” dasturiy hujjati va kun tartibiga kiritilgan boshqa qarorlarni imzolaganlar.
Tashkilot transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat beradi. Mamlakatlarning transport o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash barcha sa’y-harakatlarning markazida turadi. Shu nuqtai nazardan, Trans-Kaspiy xalqaro yo‘lagini Sharq va G‘arb o‘rtasidagi eng qisqa, xavfsiz va raqobatbardosh transport aloqasiga aylantirish masalasi alohida ahamiyatga ega.
Istanbul sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.
O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi tovarlar, kapitallar, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishini izchil ro‘yobga chiqarish, moliya va bank operatsiyalarini soddalashtirish maqsadida savdo-sotiq va investitsiyalar uchun qulay shart-sharoit yaratishga, bojxona va tranzit tartib-taomillarini yanada soddalashtirishga xizmat qiladi.
2022 yil 10-11 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti Turkiy davlatlar tashkilotining ilk yig‘ilishi sifatida tarixda qoladi. Bungacha tashkilot Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi bilan faoliyat yuritgan.
Xulosa. Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar muhim inson kapitaliga ega. Ularning aholisi taxminan 150 million kishini tashkil qiladi. Aholisining o‘sishi o‘rtacha 2,1-2,4 foizni tashkil etgani hisobidan, 2030 yilga borib, tashkilotning a’zo mamlakatlari aholisi 180 million kishiga yetishi bashorat qilinmoqda.
Shu bilan birga, turkiy davlatlar tashkiloti iqtisodiyotlari jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar yillik o‘sish sur’ati o‘rtacha 6-9 foizni tashkil etmoqda va Osiyo yalpi ichki mahsulotining 5,5 foiziga teng.
Umuman olganda, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining asosiy mavzusi yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan savdo, investitsiya, yashil iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiya, ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini qamrab oladi.
Bugungi kunga qadar 15 ga yaqin mamlakat Turkiy davlatlar tashkiloti bilan hamkorlikning turli formatlarini o‘rnatish istagini bildirgan. Bu tashkilotning yaxshi obro‘sini va uning xalqaro nufuzini tobora o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.
Rustam Hasanov,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.