Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti ishtirokchilari Registon maydonida ko‘chat ekadi
Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasidagi navbatdagi brifingda Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomuradov ishtirok etdi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining ma’lum qilishicha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi endi Turkiy davlatlar tashkiloti darajasida ham tashabbus sifatida olib chiqilmoqda.
11 noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti doirasida tashkilotga a’zo va kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar davlat rahbarlari ishtirokida Registon maydonida ko‘chat ekish tadbiri o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vengriya va Turkmaniston davlatlari poytaxtlarida ham bir vaqtning o‘zida ko‘chat ekish tadbirlari uyushtiriladi.
Xususan, Ozarbayjonda 11 noyabr kuni 111 ming 111 ta daraxt ko‘chati o‘tqazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yilning noyabr oyida Turkiya Respublikasida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitidagi ishtiroki davomida ham qator ekologik muammolarga e’tibor qaratgan edi.
Jumladan, hozirgi paytda dunyoda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish va ekologik muammolarni yechish hamda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish tobora o‘tkir zaruratga aylanayotgani alohida ta’kidlandi.